Jahon banki transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun Oʻzbekistonga $200 mln ajratadi
Jahon banki Surxondaryo viloyatidagi Oʻzbekistonni Tojikiston, Qirgʻiziston va Afgʻoniston bilan bogʻlovchi M41 magistralining 91 km qismini rekonstruksiya qilish va transport infratuzilmasini yaxshilash uchun $200 mln ajratdi.

Jahon banki Ijroiya direktorlari kengashi Oʻzbekistonga Surxondaryo viloyatida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun mablagʻ ajratishni maʼqulladi. Bu haqda tashkilot saytida maʼlum qilindi.
Moliyalashtirish hajmi 200 mln dollarni tashkil etadi. Loyihaning asosiy qismi sifatida Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi huzuridagi “Avtoyulinvest” agentligiga Surxondaryoni Tojikiston, Qirgʻiziston va Afgʻoniston bilan bogʻlaydigan M41 magistralining 91 kilometrlik qismini rekonstruksiya qilishda koʻmak beriladi.
Ikki polosali trassa 4 polosagacha kengaytiriladi. Ishlar yakunlanganidan soʻng ushbu yoʻldan har kuni 35 mingga yaqin haydovchi va yoʻlovchi foydalanishi kutilmoqda.
Loyiha doirasida yoʻl qoplamasi sifati yaxshilanadi, harakat xavfsizligi boʻyicha choralar koʻriladi va avtobus bekatlari yangilanadi. Shuningdek, Jahon banki 180 ga yaqin koʻprik va drenaj inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtiradi. Bu inshootlar toshqinlar xavfidan himoya qilishga xizmat qiladi.
Loyiha tugagach, aholi punktlaridan tashqari hududlarda harakatning oʻrtacha tezligi 65 km/soatdan 90 km/soatgacha oshishi kutilmoqda. Yoʻlni yangilash mazkur uchastkadagi avariyalar sonini kamaytiradi va Surxondaryoni boshqa hududlar hamda qoʻshni davlatlar bilan transport bogʻlanishini mustahkamlaydi.
Yoʻlga tutash hududlarda yashaydigan 550 mingga yaqin aholi transport xizmatlaridan yaxshiroq foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi hamda yoʻl boʻyi biznesini rivojlantirish uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar paydo boʻladi.
Shuningdek, Jahon banki mutaxassislari Transport vazirligiga multimodal tashuvlarni rivojlantirish boʻyicha Milliy strategiyani ishlab chiqishda koʻmak beradi. Ushbu strategiya transport turlari oʻrtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish, yoʻlovchi va yuk tashish xizmatlarini yaxshilash uchun maʼlumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishga yordam berishi kutilmoqda.
Strategiyaga taʼminot zanjirlaridagi uzilishlar va ob-havo xavflariga transport sohasining barqarorligini oshirishga qaratilgan choralar ham kiritiladi. Shuningdek, atmosferaga chiqariladigan chiqindilarni kamaytirishga qaratilgan iqtisodiy jihatdan samarali yechimlar joriy etish ham ustuvor vazifalardan biri boʻladi.
Bundan tashqari, bank “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasining biznes jarayonlarini yangilashni ham moliyalashtiradi. Rejaga koʻra, davlat kompaniyasida korporativ boshqaruv va moliyaviy shaffoflik mustahkamlanadi, yoʻlovchi tashuvlarini rejalashtirish tizimi yaxshilanadi.
Jahon banki koʻmagida kompaniya ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) amaliyotlarini joriy qiladi. Bu choralar kompaniyaning operatsion samaradorligini oshirish va xususiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.
Maʼlum qilinishicha, 2014–2023 yillar davomida Oʻzbekiston Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksida 129-oʻrindan 88-oʻringa koʻtarilib, 41 pogʻonaga yaxshilandi. Indeks mamlakatlar ichida va chegaralar orqali tovarlarni tashish tezligi va ishonchliligi boʻyicha baholaydi. Biroq avtoparkning tez oʻsishi yoʻl tarmogʻining rivojlanishidan ilgarilab ketmoqda va yoʻllarga tushayotgan yuklamani oshirmoqda.









