Iyul oyida Oʻzbekistonda koʻchmas mulk narxlari sezilarli oshdi
Iyul oyida Oʻzbekistonda 26 mingdan ortiq uy-joy oldi-sotdi shartnomasi tuzildi.
Ikkilamchi bozorda narxlar oshishi oylik hisobda 1,7 foizgacha, yilllikda esa 3,3 foizgacha tezlashdi.
Hududlar kesimidagi uy-joy bozori haqida batafsil:

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi maʼlumotlariga koʻra, iyul oyida mamlakat boʻylab uy-joy oldi-sotdisi faol surʼatlarda oshdi.
Oʻtgan oyda uy-joy oldi-sotdi boʻyicha 26 mingdan ortiq shartnoma imzolangan boʻlib, bu iyun oyiga nisbatan 25% koʻpdir. Bu soʻnggi yillarda qayd etilgan eng yirik oyma-oy oʻsish koʻrsatkichlaridan biri hisoblanadi.
Hududlar boʻyicha dinamikalar
Iyul oyida Oʻzbekistonning barcha hududlarida uy-joy bozori faollashdi. Eng katta oʻsish Surxondaryo (41%), Sirdaryo (35,3%) va Qashqadaryo (33,7%) viloyatlarida kuzatildi. Toshkent shahrida esa bozor faolligi 24,6%ga oshdi.

Narxlar boʻyicha oʻzgarishlar
Ikkilamchi bozorda iyul oyida uy-joylarning oʻrtacha bozordagi qiymati iyun oyidagi 0,3%lik oʻsishdan soʻng 1,7%ga yetdi. Yillik hisobda esa narxlar 3,3%ga koʻtarildi. Hududlar kesimida eng sezilarli yillik oʻsish Jizzax (15,2%), Surxondaryo (14,1%) va Xorazm (9,6%) viloyatlarida qayd etildi.
Toshkent shahri koʻchmas mulk bozori
Poytaxtda narxlar oy davomida oʻrtacha 0,8%ga oshgan boʻlsa-da, yillik hisobda ikkilamchi uy-joy narxlari 3,2%ga koʻtarildi, birlamchi uy-joy narxlari esa 0,9%ga pasaydi.
- Ikkilamchi bozorda eng katta pasayish Mirzo Ulugʻbek (-8,2%), Yashnobod (-4,5%) va Yunusobod (-4,2%) tumanlarida kuzatildi.
- Birlamchi bozorda eng katta pasayish Uchtepa (-8,8%), Yunusobod (-6,7%) va Shayxontohur (-4,7%) tumanlarida qayd etildi.
Ijara bozori

Iyul oyida Toshkent shahri uy-joy ijara bozorida narxlar barqaror qoldi — oʻrtacha bir kvadrat metr uchun 8 AQSh dollari.
Eng yuqori ijara narxlari Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida saqlanib, oʻrtacha 10,3 dollarni tashkil etdi.
Yillik hisobda esa poytaxt boʻyicha ijara narxi 2,8 %ga arzonladi. Eng sezilarli pasayish Uchtepa, Yashnobod va Mirzo Ulugʻbek tumanlarida kuzatildi.