Iyul oyida Oʻzbekiston avtomobil bozorida savdolar keskin oshdi
2025 yil iyul oyida Oʻzbekiston avtomobil bozorida savdolar keskin oshib, oylik natija 116,8 ming donaga yetdi. Bu iyunga nisbatan 27 foiz koʻp boʻlib, 2024 yil yanvaridan beri eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Oʻsish birlamchi, ikkilamchi va elektromobillar segmentlarida birdek kuzatildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga koʻra, iyul oyida mamlakat avtomobil bozorida sotuvlar sezilarli darajada koʻpaydi.
Oy davomida jami 116,8 ming dona avtotransport vositasi sotildi. Bu koʻrsatkich joriy yil iyuniga nisbatan 27% yuqori boʻlib, 2024 yil yanvaridan beri (144,5 ming dona) eng yuqori natija hisoblanadi. Mazkur dinamika mavsumiy pasayish davridan keyin bozor faolligining tiklanayotganidan dalolat beradi.
Yengil avtomobillar bozori
Iyul oyida yengil avtomobillar segmentida sotuvlar deyarli 100 ming dona boʻldi, bu iyunga nisbatan 25% ga koʻpdir. Oʻsish, isteʼmolchilar faolligining ortishi va talabning hududlar boʻyicha kengaygani bilan izohlanadi.
Eng katta oʻsish surʼatlari Toshkent (+51%), Namangan (+49%) va Xorazm (+40%) viloyatlarida qayd etildi. Taqqoslash uchun, iyun oyida yengil avtomobillar savdosi atigi 3% ga oshgan edi.
Birlamchi avtomobil bozori
Yangi yengil avtomobillar segmentida iyul oyida faollik yanada kuchaydi. Sotuvlar iyun oyiga nisbatan 38,2% ga koʻpayib, 38,4 ming dona boʻldi.
- Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar yetakchilikni saqlab qolib, 38,6% oʻsish bilan 32,9 ming dona sotildi.
- Xorijiy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi ham ijobiy natija koʻrsatib, 5,4 ming dona boʻldi (+35,8%).
Ikkilamchi avtomobil bozori
Iyul oyida ikkilamchi yengil avtomobillar segmentida ham faollik keskin oshdi. Savdo hajmi 61,5 ming dona boʻlib, bu iyunga nisbatan 18% koʻpdir.
Taqqoslash uchun, iyun oyida savdolar may oyiga nisbatan 0,4% ga kamaygan edi. Shunday ekan, iyuldagi oʻsish ushbu segmentdagi umumiy jonlanishni aks ettiradi.
Elektromobillar bozori
Iyun oyida yengil elektromobillar savdosi may oyiga nisbatan 1,7% ga pasaygan boʻlsa, iyulda bozor yana tez surʼatlarda oʻsishga chiqdi.
Oy davomida rekord darajadagi 6,5 ming dona elektromobil sotildi, bu iyunga nisbatan 28,2% koʻpdir.