12 002.930 so‘m

decrease

-1.550

13 156.410 so‘m

increase

0.700

146.740 so‘m

increase

0.180

12 002.930 so‘m

decrease

-1.550

Yaqin 3 soat ichida
Bank
21

Ipoteka subsidiyalari uchun arizalar qabuli 25 noyabr kuni boshlanadi

2026 yil uchun ajratilgan, ammo foydalanilmay qolgan ipoteka subsidiyalariga arizalar qabuli 25 noyabr kuni soat 10:00 da boshlanadi. 

Arizalar Davlat xizmatlari markazlari, MyGov mobil ilovasi hamda my.gov.uz portali orqali qabul qilinadi. 

Ipoteka subsidiyalari uchun arizalar qabuli 25 noyabr kuni boshlanadi

Ipoteka krediti uchun subsidiya olishga arizalar 25 noyabr kuni soat 10:00 dan qabul qilinadi. Qabul avval berilgan, ammo amal qilish muddati ichida foydalanilmagan subsidiya xabarnomalari hisobidan qayta ochilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Ariza qayerda topshiriladi?

Arizani Davlat xizmatlari markazida, MyGov mobil ilovasida yoki my.gov.uz portali orqali topshirish mumkin. Harbiy tuzilmalar xodimlari Davlat xizmatlari markaziga bevosita murojaat qilishi mumkin.

Subsidiya olish uchun 30 ball qanday toʻplanadi?

Subsidiya ajratish tartibiga koʻra, talabgor ijtimoiy mezonlar boʻyicha kamida 30 ball toʻplashi kerak. Ariza beruvchi va uning turmush oʻrtogʻi nomida Oʻzbekistonning hech bir hududida turar joy boʻlmasa, 20 ball beriladi. Daromad mezoni boʻyicha yana 5 yoki 10 ball olish mumkin.

Daromad chegaralari mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga bogʻlangan. Bu miqdor 2026 yil 1 sentabrdan 1 360 000 soʻm etib belgilangan. Shunga koʻra, oʻrtacha oylik daromad quyidagicha baholanadi.

Hudud10 ball5 ball
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar3 672 000 soʻmdan 9 520 000 soʻmgacha9 520 000 soʻmdan yuqori, 10 880 000 soʻmgacha
Toshkent shahri3 672 000 soʻmdan 10 880 000 soʻmgacha10 880 000 soʻmdan yuqori, 12 512 000 soʻmgacha

Turar joy mezonidan 20 ball va daromadidan 10 ball olgan talabgor minimal chegaraga yetadi. Daromadidan 5 ball olgan talabgor esa qoʻshimcha mezonlardan kamida bittasiga mos kelishi kerak. Daromad yoki turar joy mezonidan ball olmagan talabgorga subsidiya ajratilmaydi.

Kimlarga qoʻshimcha ball beriladi?

Baholash mezonlariga koʻra, quyidagi toifalarga qoʻshimcha ball beriladi.

  • “Xorijda ish” tizimida roʻyxatdan oʻtgan mehnat migrantlari — 10 ball.
  • Olis hududga ishlash uchun kelgan oliy maʼlumotli mutaxassislar, tibbiyot xodimlari va tegishli professional taʼlim oʻqituvchilari — 5 ball.
  • 30 yoshdan oshmagan fuqarolar — 5 ball.
  • Ajrashgan, beva yoki yolgʻiz ona toifasiga mansub ayollar — 5 ball.
  • “Yagona milliy ijtimoiy himoya” tizimining “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” modulida roʻyxatdan oʻtgan shaxslar — 5 ball.

Talabgor bir nechta toifaga mos kelsa, qoʻshimcha ball faqat bitta mezon boʻyicha beriladi.

Kredit tarixini qaysi banklar tekshiradi?

Talabgorning kredit tarixi dasturda qatnashayotgan 15 ta bankdan kamida bittasining ichki talablariga mos kelishi kerak. Banklar kredit tarixini baholay olishi uchun ariza beruvchi OneID orqali maʼlumotlardan foydalanishga ruxsat berishi lozim. Kredit tarixini olishga vaqtincha cheklov qoʻyilgan boʻlsa, ariza rad etiladi.

Dasturda quyidagi banklar qatnashmoqda.

  • Agrobank
  • Aloqabank
  • Asakabank
  • Asia Alliance Bank
  • Biznesni rivojlantirish banki
  • Hamkorbank
  • Ipak Yoʻli banki
  • Ipotekabank OTP Group
  • Mikrokreditbank
  • Orient Finans
  • Trastbank
  • Turonbank
  • Xalq banki
  • Oʻzmilliybank
  • Oʻzsanoatqurilishbank

Subsidiya qancha va nimalarni qoplaydi?

2026 yilgi ipoteka dasturida boshlangʻich badalning bir qismini qoplash uchun 30 mln soʻm subsidiya koʻzda tutilgan. Amaldagi nizomga koʻra, kreditning dastlabki besh yilida foiz toʻlovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi ham subsidiya hisobidan qoplanadi.

Birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun beriladigan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning eng yuqori miqdori Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 380 mln soʻm, Toshkent shahrida 480 mln soʻm etib belgilangan. Yangi Toshkentdagi koʻp kvartirali uylarga ham poytaxt uchun belgilangan shartlar tatbiq etiladi.

Qaysi hollarda ariza rad etiladi?

Quyidagi holatlar arizani rad etish uchun asos boʻladi.

  • Talabgor 30 balldan kam toʻplagan yoki ijtimoiy mezonlarga mos kelmagan.
  • Hisobga olinadigan oʻrtacha oylik daromad belgilangan chegaradan tashqarida.
  • Arizada notoʻgʻri yoki soxta maʼlumot koʻrsatilgan.
  • Talabgor yoki uning turmush oʻrtogʻi ilgari ipoteka subsidiyasidan foydalangan. Bu qoida avvalgi kredit toʻliq yopilgan yoki uy-joy sotilgan hollarda ham amal qiladi.
  • Hudud uchun ajratilgan subsidiya limiti tugagan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+