Ipak Yuli Bank’ga yangi boshqaruv raisi tayinlandi
Umidjon Hakimov Ipak Yuli Bank boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlandi. U 2011–2021 yillarda Asia Alliance Bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari, 2021 yildan 2023 yil boshiga qadar esa ushbu bank boshqaruvi raisi sifatida faoliyat yuritgan.
Joriy yilning aprel oyidan buyon esa Ipak Yuli Bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
2018 yildan beri bankni boshqarib kelgan Saydabror Saydahmedov esa boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan boshqaruv raisi lavozimidan muddatidan avval ozod etildi.

Umidjon Hakimov “Ipak Yoʻli” AITB (Ipak Yuli Bank) boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqdagi qaror 26 may kuni boʻlib oʻtgan bank aksiyadorlari yigʻilishida qabul qilindi.
Yigʻilishda 2018 yil yanvar oyidan buyon bank boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelgan Saydabror Saydahmedovning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish masalasi koʻrib chiqildi. Qarorga muvofiq, S.Saydahmedov boshqaruv raisi lavozimidan ozod etildi. U bankdagi faoliyatini boshqa yoʻnalishda davom ettirishi maʼlum qilingan.

Bank xabarida qayd etilishicha, Saydabror Saydahmedov rahbarligi davrida Ipak Yuli Bank oʻz tarixidagi eng yirik transformatsiya bosqichlaridan birini amalga oshirdi. Bu davrda bank chakana va raqamli biznesdagi pozitsiyalarini mustahkamladi, keng koʻlamli rebrending oʻtkazdi, mobil xizmatlarni faol rivojlantirdi hamda mijozlar bazasini sezilarli darajada kengaytirdi.
Shuningdek, aynan uning rahbarligi ostida bankning texnologik rivojlanish, mijozga yoʻnaltirilganlik va barqaror taraqqiyotga asoslangan yangi strategiyasi shakllangani taʼkidlandi. Bank Saydabror Saydahmedovga bank rivojiga qoʻshgan hissasi va strategik oʻzgarishlarni amalga oshirishdagi xizmatlari uchun minnatdorlik bildirgan.
Ipak Yuli Bank boshqaruvi raisi lavozimiga joriy yil aprel oyidan buyon bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari sifatida ishlab kelayotgan Umidjon Abduxoliqovich Hakimov nomzodi tasdiqlandi.
Umidjon Hakimov bank tizimida 25 yildan ortiq tajribaga ega. U 1971 yilda tugʻilgan. 2002 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavriat bosqichini, 2011 yilda esa London Business School’ning MBA dasturini tamomlagan.
Hakimov mehnat faoliyatini 1999 yilda aynan Ipak Yuli Bank’da boshlagan. Keyinchalik Oʻzbekistonda faoliyat yuritgan ABN AMRO Bank NB Uzbekistan A.O. hamda Royal Bank of Scotland NB Uzbekistan CJSC banklarida ishlagan.
U 2011–2021 yillarda Asia Alliance Bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari, 2021 yildan 2023 yil boshiga qadar esa ushbu bank boshqaruvi raisi sifatida faoliyat yuritgan. 2023 yil noyabridan joriy yil apreliga qadar Ipoteka Bank OTP Group’da boshqaruv raisi oʻrinbosari boʻlgan. Aprel oyidan buyon esa Ipak Yuli Bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.









