“InFinBank” AJ ustav kapitalini 540 milliard soʻmga oshirmoqda
InFinBank ustav kapitalini 900 milliard soʻmdan 1 trillion 440 milliard soʻmgacha oshirish maqsadida 540 milliard soʻmlik qoʻshimcha oddiy va imtiyozli aksiyalarni joylashtirishni eʼlon qildi.
Aksiyalar imtiyozli sotib olish huquqi va ochiq obuna orqali joylashtiriladi.

“InFinBank” aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalini 900 milliard soʻmdan 1 trillion 440 milliard soʻmgacha oshirish boʻyicha qaror qabul qildi. Ustav kapitalining 540 milliard soʻmga koʻpaytirilishi yangi chiqarilayotgan oddiy va imtiyozli aksiyalarni joylashtirish hisobiga amalga oshiriladi.
Mazkur chiqarilish doirasida nominal qiymati 1 000 soʻm boʻlgan 240 000 000 dona oddiy, hujjatsiz shakldagi aksiyalar va 300 000 000 dona imtiyozli, hujjatsiz shakldagi aksiyalar muomalaga chiqariladi. Umumiy hisobda chiqarilayotgan aksiyalar qiymati 540 milliard soʻmni tashkil etadi.
Qoʻshimcha aksiyalar “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 35-36-moddalariga muvofiq, avvalo bankning amaldagi aksiyadorlariga imtiyozli sotib olish huquqi asosida, keyinchalik esa cheklanmagan investorlar oʻrtasida ochiq obuna shaklida joylashtiriladi.
Aksiyalar uchun toʻlovlar faqat pul koʻrinishida, yaʼni naqd va/yoki naqdsiz shaklda, faqat Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida amalga oshiriladi.
Agar imtiyozli huquqdan keyin aksiyalar toʻliq sotilmasa, qolgan qismi ochiq obuna orqali Toshkent Respublika fond birjasida cheklanmagan investorlar orasida joylashtiriladi. Bunda aksiyalar savdosi fond birjaning savdo qoidalari asosida amalga oshiriladi. Aksiyalar bank Kuzatuv kengashi tomonidan belgilangan bozor narxida, ammo nominal qiymatdan past boʻlmagan narxda sotiladi.
Toshkent fond birjasi xabariga koʻra, oddiy aksiyalar 15 maydan boshlab mazkur fond birjaning kotirovka roʻyxatiga kiritiladi va savdoga qoʻyiladi.