11 818.070 so‘m

decrease

-35.480

13 788.140 so‘m

decrease

-81.700

141.690 so‘m

decrease

-0.170

11 818.070 so‘m

decrease

-35.480

2 soat avval
Bank
56

HUMO Oʻzbekistonda steyblkoin chiqarish ustida ishlamoqda

Prezident Administratsiyasi vakili Bobur Xodjayevning aytishicha, Oʻzbekistondagi ikki milliy toʻlov tizimi fintexda turli yoʻnalishlarga urgʻu bermoqda. 

Uzcard sunʼiy intellekt, kredit skoringi va antifrod tizimlarini rivojlantirayotgan boʻlsa, HUMO kripto yoʻnalishida ishlab, Oʻzbekistonda steyblkoin chiqarishga tayyorlanmoqda. 

HUMO Oʻzbekistonda steyblkoin chiqarish ustida ishlamoqda

HUMO toʻlov tizimi Oʻzbekistonda steyblkoin chiqarish ustida ishlamoqda. 

Bu haqda Prezident Administratsiyasining moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt departamenti rahbari Bobur Xodjayev Silk Road Finance & Technology Forum doirasidagi FT Live panelida maʼlum qildi.

Xodjayevning aytishicha, Oʻzbekistondagi ikki milliy toʻlov tizimi — Uzcard va HUMO oʻz infratuzilmasi atrofida fintex ekotizimlarini shakllantirmoqda. Bunda Uzcard sunʼiy intellekt, kredit skoringi va antifrod tizimlariga, HUMO esa raqamli aktivlar yoʻnalishiga faolroq eʼtibor qaratmoqda.

“HUMO, masalan, kripto yoʻnalishida juda faol. Oʻtgan yili ular token chiqardi va hozir Oʻzbekistonda steyblkoin chiqarish ustida ishlamoqda”, dedi Xodjayev panelda.

HUMO raqamli aktivlar bozoriga 2025 yilda kirgan. Uning shoʻba kompaniyasi HUMO Digital tomonidan chiqarilgan HUMO tokeni 2025 yil 30 iyunda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi reyestridan oʻtkazilgan. Token Oʻzbekiston davlat obligatsiyalari bilan taʼminlangan.

Biroq HUMO Token va rejalashtirilayotgan steyblkoin bir xil instrument emas. Mavjud HUMO Token davlat obligatsiyalari bilan taʼminlangan kripto-aktiv boʻlsa, steyblkoin qiymati odatda muayyan valyutaga bogʻlanadi.

Oʻzbekistonda steyblkoinlar uchun alohida huquqiy rejim 2026 yil aprelida tasdiqlangan. Markaziy bank va ILMA tomonidan joriy qilingan “regulyator qumdoni” doirasida milliy yoki xorijiy valyuta bilan taʼminlangan steyblkoinlarni chiqarish, ularni toʻlovlarda va xalqaro hisob-kitoblarda sinovdan oʻtkazishga ruxsat berilgan.

Bunda algoritmik, anonimlik funksiyasiga ega yoki boshqa kripto-aktivlar bilan taʼminlangan steyblkoinlarni chiqarish taqiqlangan. Dastlab pilot loyihalar 12 oyga moʻljallanadi, zarurat boʻlsa ularning umumiy muddati uch yilgacha uzaytirilishi mumkin.

Hozircha HUMO steyblkoinining qaysi valyutaga bogʻlanishi, qachon chiqarilishi, emissiya hajmi va undan aynan qaysi operatsiyalarda foydalanilishi ochiqlanmagan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+