HUMO kartalari boʻyicha SMS-xabarnoma narxi oshirilmaydi
13131 qisqa raqami orqali HUMO kartalari boʻyicha yuboriladigan SMS-xabarnomalar narxini 168,40 soʻmga oshirish rejasi bekor qilindi. Foydalanuvchilar murojaatlari va xizmat ahamiyati inobatga olinib, HUMO hamda Octotelecom oʻrtasida oʻtkazilgan muzokaralar natijasida amaldagi tarif saqlab qolindi. Shu tariqa, 1-maydan boshlab har bir SMS-xabar uchun toʻlov oʻzgarmaydi va 84,2 soʻmni tashkil etadi.

“Milliy banklararo protsessing markazi” AJ (HUMO toʻlov tizimi) maʼlum qilishicha, HUMO kartalari boʻyicha SMS-xabarnomalar narxi avvalgi darajada saqlab qolinadi.
Avvalroq, 13131 qisqa raqami orqali SMS-xabarnoma xizmatlarini taqdim etuvchi Octotelecom MChJ 2026-yil 1-maydan boshlab xizmat narxini 84,2 soʻmdan 168,40 soʻmga oshirishini maʼlum qilgan edi.
Shu munosabat bilan HUMO foydalanuvchilar murojaatlari va xizmatning ahamiyatini inobatga olib, Octotelecom manziliga amaldagi tariflarni saqlab qolish boʻyicha rasmiy taklif yubordi.
Qoʻshimcha tahlillar va konstruktiv muzokaralar natijasida amaldagi tarifni saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. 1-maydan boshlab 13131 raqamidan keluvchi har bir SMS-xabar narxi oʻzgarmaydi va 84,2 soʻmni tashkil etadi.
“Tarifning saqlab qolinishi vaziyatni birgalikda baholash va karta egalari uchun moliyaviy yukni oshirmasdan xizmatning barqaror ishlashini taʼminlashga qaratilgan muvozanatli yechim natijasi boʻldi”, — deyiladi bayonotda.









