12 831.810 so‘m

decrease

-25.540

14 606.450 so‘m

decrease

-66.360

163.750 so‘m

increase

0.300

12 831.810 so‘m

decrease

-25.540

2 kun avval
Iqtisodiyot

Humans “Oʻzbektelekom” tarmogʻidan foydalanyapti, lekin qarzini toʻlamayapti — rasmiy bayonot

“Oʻzbektelekom” matbuot xizmatining xabar berishicha, Humans 2020 yildan beri oʻz mobil tarmogʻini qurmay, kompaniya infratuzilmasidan foydalanib kelmoqda. 

Operator Humans tomonidan shartnoma majburiyatlarining muntazam buzilgani va katta miqdorda qarzdorlik yuzaga kelganini taʼkidlab, ushbu asosda sudga daʼvo kiritgan.

Eslatib oʻtamiz, mojaro milliy sudlar bilan cheklanmay, xalqaro arbitraj muhokamasiga ham chiqarilgan.

Humans “Oʻzbektelekom” tarmogʻidan foydalanyapti, lekin qarzini toʻlamayapti — rasmiy bayonot
Foto: AI / Pinkod.uz

2025 yil may oyida Humans Raqobat qoʻmitasidan “Oʻzbektelekom”ga nisbatan monopoliyaga qarshi ish ochishni soʻradi. Kompaniyaning bildirishicha, davlat operatori qarzdorlik tufayli Humans uchun internet tezligini pasaytirgan, xizmatlarga “monopol yuqori narx” belgilagan va kamsituvchi sharoitlar yaratgan.

Shu munosabat bilan “Oʻzbektelekom” telekommunikatsiya xizmatlari operatorining matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi

Kompaniya Humans virtual operatori boshqa mobil aloqa kompaniyalaridan farqli ravishda oʻz tarmogʻini yaratishga sarmoya kiritmaganini, shu sababli 2020 yildan buyon “Oʻzbektelekom”ning mobil tarmogʻidan shartnoma asosida foydalanib kelayotganini maʼlum qildi.

“Oʻzbektelekom”ga koʻra, ommaviy axborot vositalarida kompaniyaning Humans’ga nisbatan bozordagi ustun mavqesidan foydalanib bosim oʻtkazayotgani haqidagi xabarlar asossizdir. Operator oʻz infratuzilmasiga ega boʻlib, boshqa mobil aloqa kompaniyalari – Ucell, Beeline yoki Mobi.uz – bilan ham shartnoma asosida xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega.

Amaldagi qonunchilikda faqat “Oʻzbektelekom” infratuzilmasidan foydalanish majburiyati nazarda tutilmagan”, — deyiladi xizmat xabarida.

“Oʻzbektelekom” Oʻzbekistonda internet xizmatlarini aholiga arzon va qulay yetkazish maqsadida qator muhim ishlarni amalga oshirayotganini bildirdi. Xususan, xalqaro internet kanallari oʻtkazuvchanligini kengaytirish hisobiga 2017–2024 yillar davomida 1 Mbit/s uchun internet narxi operator va provayderlar uchun 40 barobarga arzonlashtirilgan.

Bundan tashqari, kompaniya Humans uzoq muddat davomida shartnoma majburiyatlarini muntazam ravishda buzganini va koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha katta miqdorda qarzdorlik toʻlamasdan qolganini qayd etdi. Shu bilan birga, “Oʻzbektelekom” isteʼmolchilar huquqi buzilmasligi uchun Humans yoki boshqa operator boʻlishidan qatʼi nazar, foydalanuvchilarning toʻlagan toʻlovlariga mos xizmatlar taqdim etilishi zarurligini inobatga olgan holda xizmat koʻrsatishni davom ettirganini taʼkidladi.

Kompaniya mavjud qarzdorlikni undirish hamda kelgusidagi zararlarni kamaytirish maqsadida sudga daʼvo arizasi kiritdi. 2024 yil 8 may kuni Toshkent shahar iqtisodiy sudi tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlikni undirishga oid qaror eʼlon qilindi.

“Oʻzbektelekom”, shuningdek, jamoatchilik, tartibga soluvchi organlar va biznes hamkorlarini chalgʻituvchi, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar tarqatilishi holatlarida oʻz ishbilarmonlik obroʻsini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilish huquqini saqlab qolishini maʼlum qildi.

Bayonot yakunida kompaniya ochiqlik, halol raqobat va amaldagi qonunchilikka rioya qilish tamoyillariga sodiqligini bildirib, bozordagi istalgan ishtirokchi, jumladan Humans kompaniyasi bilan, ular oʻz majburiyatlarini vijdonan bajargan taqdirda konstruktiv muloqotga tayyor ekanligini taʼkidladi.


Avvalroq, Singapurda joylashgan, Oʻzbekistondagi Humans kompaniyasiga egalik qiluvchi Humans Mobile LTD tomonidan Oʻzbekiston hukumatiga qarshi Jahon bankining arbitraj markazida muhokama jarayonlari boshlanganligi xabar qilingandi. Pinkod maqolada muammoning kelib chiqish sabablari va voqealar xronologiyasini batafsil yoritgan.

Keyinchalik, Markaziy bank ham arbitraj jarayonining rasmiy boshlanganini tasdiqladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+