Humans bilan nimalar sodir boʻlmoqda?
Humans MChJ ustidan Asia Alliance Bank ham katta miqdordagi qarzdorlikni undirish uchun sudga daʼvo kiritgan. Octobank esa kompaniyani bankrot deb topib, faoliyatini toʻxtatmagan holda tugatish boʻyicha ariza taqdim etgan.

Asia Alliance Bank Humans’ni moliyaviy majburiyatlari yuzasidan sudga bergan. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Humans MChJ va Humans Companies AJ kompaniyalar guruhi Asia Alliance Bank ATB oldida bir qator majburiyatlarga ega. Tuzilgan shartnomalar shartlari muntazam ravishda buzilganligi va oʻz zimmasiga olingan majburiyatlar bajarilmaganligi sababli, Asia Alliance Bank ATB 65 mlrd soʻmdan ortiq qarzdorlikni undirish boʻyicha Humans kompaniyasi ustidan sudga daʼvo arizalari kiritdi, deyiladi bank xabarda.
Tegishli ishlarni sud instansiyalarida koʻrish jarayonida Asia Alliance Bank tomonidan 65 mlrd soʻmdan ortiq qarzdorlikni undirish boʻyicha daʼvo arizalari kiritilgan.
Bank konstruktiv muloqot uchun ochiq boʻlib qolishi va yuzaga kelgan vaziyatga oʻz pozitsiyasi boʻyicha tushuntirish berishga tayyorligini maʼlum qildi.
Octobank Humans MChJni bankrot deb topish boʻyicha ariza kiritgan
Adolat.sud.uz portalidan olingan maʼlumotga koʻra, 14 oktabr kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida ATB Octobank talabi bilan Humans MChJni umumiy asoslarda bankrot deb topib, faoliyatini toʻxtatmagan holda tugatish boʻyicha ish boshlash koʻrib chiqilgan.
Octobank vakili suddan Humans MChJni faoliyatini toʻxtatmagan holda toʻlovga qobiliyatsiz deb topishni soʻragan. Bunga sabab sifatida Humans tomonidan Octobank oldidagi majburiyatlar toʻlanmay kelayotgani koʻrsatilgan.
Humans vakili esa oʻz navbatida bunga eʼtiroz bildirib, qarzdorlikni toʻlash choralari koʻrilayotganini maʼlum qilgan.
Sud qaroriga koʻra, qarzdor Humans MChJ bankrot deb topilib, unga nisbatan faoliyatini toʻxtatmagan holda tugatishga doir ish yuritish boshlansin, deya qaror qilingan.
“Oʻzbektelekom” bilan bogʻliq vaziyat
8 may kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida “Oʻzbektelekom” va Humans oʻrtasidagi nizo koʻrib chiqilgan. Sud hal qiluv qaroriga koʻra, Humans hisobidan “Oʻzbektelekom” foydasiga 497,7 mlrd soʻm asosiy qarz va 23,6 mlrd soʻmlik penya undirilishi belgilangan.
Octobank bilan bogʻliq vaziyat
13 iyun kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Humans va Octobank oʻrtasida nizo koʻrib chiqilgan. Octobank Humans’dan daʼvo boʻyicha 500 mlrd soʻm talab qilayotgan edi. Sud hal qiluv qaroriga koʻra, Humans’ga Octobank oldidagi qarzdorlikni qoplash majburiyati yuklatilgan.
Shundan soʻng, Humans Octobank AJ shartnoma majburiyatlarini muntazam ravishda bajarmagani uchun unga qarshi daʼvo tayyorlayotgani maʼlum qilgandi.









