11 778.450 so‘m

increase

5.500

13 198.930 so‘m

decrease

-25.620

138.350 so‘m

decrease

-2.790

11 778.450 so‘m

increase

5.500

21 daqiqa avval
Iqtisodiyot
25

Gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi bazaviy meʼyori 350 kVt·soatga oshiriladi

Elektr energiyasi va tabiiy gazni bazaviy meʼyordan ortiq isteʼmol qilish bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismini qoplash muddati 2028 yil 1 aprelgacha uzaytirilishi rejalashtirilmoqda. 

Ushbu kompensatsiya mexanizmi orqali yiliga 470 mingta ehtiyojmand oilani qoʻllab-quvvatlash koʻzda tutilgan. 

Bundan tashqari, gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi boʻyicha bazaviy meʼyorni 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatga oshirish taklifi ham maʼqullandi.

Gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi bazaviy meʼyori 350 kVt·soatga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 oktabr kuni kuz-qish mavsumida aholini, xususan ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha takliflar bilan tanishdi. Taqdimotda elektr energiyasi, tabiiy gaz, koʻmir va kommunal xizmatlar xarajatlarini qoplash boʻyicha amaldagi yordam mexanizmlarini kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. 

Xususan, isitish mavsumida gazlashmagan hamda tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi boʻyicha bazaviy meʼyorni oyiga 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatga oshirish taklifi maʼqullandi. Shu tariqa bunday hududlarda imtiyozli tarif boʻyicha hisoblanadigan isteʼmol hajmi 150 kVt·soatga yoki 75 foizga koʻpayishi koʻzda tutilmoqda.

Hozirda aholining aksariyati uchun elektr energiyasining dastlabki 200 kVt·soati 1 kVt·soat uchun 650 soʻmdan, 201 kVt·soatdan 500 kVt·soatgacha boʻlgan qismi esa 900 soʻmdan hisoblanadi. Mazkur tariflar 2026 yil 1 iyundan amal qilmoqda.

Taqdimotda Ijtimoiy reyestrga kirmagan, biroq ehtiyojmand hisoblangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash mezonlarini ham yumshatish taklif qilindi. Elektr energiyasi, gaz, koʻmir va kommunal xizmatlar xarajatlarini qoplashda oilaning har bir aʼzosiga toʻgʻri keladigan daromad mezonini 1 mln 430 ming soʻmgacha oshirish koʻrib chiqildi.

Prezident matbuot xizmatiga koʻra, bu oʻzgarish yordam oluvchi oilalar sonini yana 166 mingtaga oshirishi mumkin.

Bundan tashqari, elektr energiyasi va tabiiy gazni bazaviy meʼyordan ortiq isteʼmol qilish bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismini qoplash muddatini 2028 yil 1 aprelgacha uzaytirish taklif qilindi. Ushbu mexanizm orqali bir yil davomida 470 ming oilani qamrab olish rejalashtirilmoqda.

Amaldagi tartibda ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi boʻyicha 200 kVt·soatlik bazaviy meʼyordan ortiq isteʼmol qilingan yana 150 kVt·soatgacha boʻlgan qism uchun kompensatsiya beriladi. 2026 yil iyunidan ushbu kompensatsiyaning maksimal miqdori oyiga 37,5 ming soʻmni tashkil etadi. Tabiiy gaz uchun esa isitish mavsumida bazaviy meʼyordan ortiq 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda 150 kub metrgacha isteʼmol kompensatsiya qilinadi.

Shuningdek, sharoiti ogʻir mahallalardagi 3 mingta xonadonni issiqlik jihatidan himoyalash hamda energiya tejovchi uskunalar bilan taʼminlash ishlarini davom ettirish belgilandi. Dekabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratish masalasini koʻrib chiqish ham taklif qilindi.

Prezident Hukumatga mazkur yordamlar uchun mablagʻlarni oʻz vaqtida yoʻnaltirish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashda manzillilikni taʼminlash va mablagʻlarning oilalarga yetib borishi ustidan nazoratni kuchaytirish boʻyicha topshiriq berdi.

Ayni paytda energiya ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi korxonalarda boshqaruv samaradorligini oshirish, ortiqcha xarajatlar hamda tarmoqlardagi yoʻqotishlarni qisqartirish boʻyicha ham koʻrsatmalar berilgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+