11 986.560 so‘m

increase

26.470

13 691.650 so‘m

increase

21.270

152.090 so‘m

decrease

-0.440

11 986.560 so‘m

increase

26.470

21 daqiqa avval
Iqtisodiyot
35

Fitch “Oʻzmetkombinat” reytingini yana pasaytirdi

Fitch Ratings “Oʻzmetkombinat” reytingini “B+”dan “B”ga pasaytirdi. Agentlik bunga yangi yassi poʻlat majmuasining sekin quvvatga chiqayotgani, xomashyo va logistika muammolari hamda kompaniya qarz yuki 2028 yilgacha yuqori qolishini sabab qilib koʻrsatgan.

Fitch “Oʻzmetkombinat” reytingini yana pasaytirdi
Foto: AI/Pinkod.uz

Fitch Ratings “Oʻzmetkombinat” AJning uzoq muddatli emitent reytingini “B+”dan “B”ga pasaytirdi. Kompaniyaning mustaqil kredit profili esa “b”dan “b−”ga tushirilgan. Reyting boʻyicha prognoz “Ijobiy” darajada saqlab qolindi.

Agentlik qarorni yangi yassi poʻlat ishlab chiqarish majmuasining loyihaviy quvvatga sekin chiqayotgani bilan izohladi. Fitch’ga koʻra, bunga xomashyo taʼminotidagi qiyinchiliklar va logistika cheklovlari sabab boʻlmoqda. Kompaniyaning EBITDAga nisbatan yalpi qarz yuki 2025 yildagi 7 baravardan 2028 yildagina 4 baravardan pastga tushishi kutilmoqda.

Bu “Oʻzmetkombinat” reytingi ketma-ket ikkinchi bor pasaytirilayotganini anglatadi. Kompaniya reytingi 2025 yil fevralida “BB−”dan “B+”ga tushirilgan edi. Oradan qariyb bir yarim yil oʻtib reyting yana bir pogʻonaga pasaydi.

Yangi quyish va prokat majmuasi 2025 yil oxirida ishga tushgan. Danieli texnologiyasi asosidagi loyiha yiliga 1 mln tonna issiq prokatlangan poʻlat ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlib, uning qiymati €785 mlnni tashkil qilgan. 2026 yilning birinchi yarmida majmuada 67 ming tonna suyuq poʻlat va 48 ming tonna HRC ishlab chiqarilgan.

Fitch fikricha, yangi majmuaning toʻliq quvvatga chiqishi uchun DRI yoki pellet kabi xomashyo taʼminoti hal qiluvchi ahamiyatga ega. “Oʻzmetkombinat” DRI’ni 2027 yilda ishga tushirilishi kutilayotgan Tojikiston metallurgiya zavodidan olishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, kompaniya Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi bilan $180 mlnlik DRI zavodi qurish imkoniyatini ham koʻrib chiqmoqda.

“Oʻzmetkombinat” Oʻzbekistondagi poʻlat mahsulotlarining 70 foizini ishlab chiqaradi va ichki isteʼmolning uchdan biridan koʻprogʻini qoplaydi. Kompaniyaning 93 foiz ulushi davlatga tegishli. Fitch shu sabab kompaniyani davlat bilan bogʻliq korxona sifatida baholab, mustaqil kredit profiliga bir pogʻona qoʻllab-quvvatlash ustamasini qoʻshgan.

Agentlik baholashicha, agar Oʻzbekiston suveren reytingi oshirilsa, “Oʻzmetkombinat” uchun davlat qoʻllab-quvvatlashi hisobidan reyting ustamasi bir pogʻonadan ikki pogʻonagacha oshishi mumkin. Bu “Ijobiy” prognozning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

Shu bilan birga, Fitch kompaniyaning qarz yukini hali ham yuqori deb baholamoqda. 2026 yilda EBITDAga nisbatan yalpi qarz yuki 6,9 baravar atrofida boʻlishi kutilmoqda. Agentlikning bazaviy ssenariysiga koʻra, kompaniya 2028 yilgacha dividend toʻlamaydi.

Likvidlik boʻyicha ham bosim saqlanmoqda. “Oʻzmetkombinat”ning 2025 yil oxiridagi naqd pul qoldigʻi 448 mlrd soʻmni tashkil qilgan, qisqa muddatli toʻlov majburiyatlari esa 941 mlrd soʻm boʻlgan. Davlat tomonidan koʻrsatilgan soʻnggi yordamlar hisobidan kompaniya naqd pul qoldigʻi 2026 yil 30 iyun holatiga qariyb $100 mln darajasiga yetgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+