Endilikda fuqarolar toʻlagan soliqlarining qayerga sarflanishini koʻrishi mumkin boʻladi
2026 yildan “Ochiq byudjet” portalida yangi modul ishga tushiriladi. Unda fuqarolar oʻzlari toʻlagan daromad, mol-mulk va yer soliqlari qaysi yoʻnalishlarga sarflanayotganini real vaqt rejimida koʻra oladi.

28 noyabr kuni “Soliqlarning yigʻiluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq toʻlovchilarni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi prezident qarori qabul qilindi.
2026 yil 1 yanvardan “Ochiq byudjet” portalida yangi modul ishga tushiriladi. Unda aholining toʻlagan soliqlari hisobidan amalga oshirilayotgan byudjet xarajatlari boʻyicha maʼlumotlar aks ettiriladi. Modulda jismoniy shaxslar tomonidan maʼlum davrda toʻlangan daromad soligʻi, mol-mulk va yer soligʻi summalari, shuningdek, ushbu mablagʻlar evaziga davlat byudjetidan bajarilgan xarajatlar doimiy ravishda eʼlon qilib boriladi. Tizimga OneID orqali kirish mumkin boʻladi.
2026 yil 1 fevraldan “Ochiq byudjet” portalida ovoz beruvchilar portretini oʻz ichiga olgan maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi.
Soliq qoʻmitasiga bir oy muddatda Iqtisodiyot va moliya vazirligi texnik talabnomalari asosida, shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish talablari doirasida, soliq maʼlumotlarining portalda toʻgʻridan-toʻgʻri shakllanishini taʼminlash topshirildi. Ushbu maʼlumotlar faqat fuqaroning oʻzi uchun koʻrinadi.
Shuningdek, qoʻmita har yili 1 fevralga qadar eng yaxshi soliq toʻlovchi mahallalar roʻyxatini shakllantirib, 10 fevralgacha rasmiy saytida eʼlon qilib borishi lozim.
Markaziy bankka jismoniy shaxslarning soliq qarzlari haqida maʼlumotlarni bank va toʻlov tashkilotlari mobil ilovalari orqali yetkazishda Soliq qoʻmitasiga amaliy yordam berish vazifasi yuklatildi. Qarzdorlik haqidagi maʼlumotlar ilovalar asosiy sahifasida doimiy koʻrinib turadi.
Bundan tashqari, 2026 yildan boshlab jismoniy shaxslarning koʻchmas mulkni ijaraga berishdan olgan daromadlari boʻyicha toʻlangan soliq toʻliq hajmda mulk joylashgan tuman yoki shahar mahalliy byudjetiga yoʻnaltiriladi.









