Dehqonobod kaliy zavodi rasmiy xabar berilmasdan xususiylashtirildi
128,2 mln AQSh dollariga qurilgan Dehqonobod kaliy zavodi ustav kapitalining 100 foizi 2024 yil noyabrida tashkil etilgan Asian Chemical Group’ga oʻtkazildi.
Ustav fondi 19,6 mln soʻm boʻlgan kompaniyaning 51 foizi OV Industrial Investments L.L.C-FZ’ga, 49 foizi esa New Industrial Technologies MChJga tegishli.
Ikkinchi kompaniya egasi Paynet va Humo toʻlov tizimlari hamda Asia Alliance Bank’ning yirik ulushiga egaligi bilan tanilgan.

Oʻzbekiston kimyo sanoatidagi eng yirik korxonalardan biri boʻlgan Dehqonobod kaliy zavodi davlat tasarrufidan chiqarildi. Bu haqda Korporativ maʼlumotlar yagona portalida xabar berilgan.
Qiziqarli jihati shundaki, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bu xususiylashtirish boʻyicha hech qanday rasmiy xabar yoki izoh bermagan. 2024 yildagi Prezident farmoniga koʻra zavod ommaviy savdolar orqali sotilishi kerak edi.
Korporativ maʼlumotga koʻra, 8 avgust kuni boʻlib oʻtgan aksiyadorlarning navbatdan tashqari yigʻilishida ustav kapitali Dehqonobod kaliy zavodining 100% ulushini Asian Chemical Group kompaniyasiga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Zavod aslida ommaviy savdoga chiqarilishi kerak edi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida Dehqonobod kaliy zavodidagi davlat ulushini professional konsulʼtantlar ishtirokida, 2025 yil oxirigacha xalqaro bozor orqali ommaviy savdoga chiqarish koʻzda tutilgan edi.
Biroq amalda bu jarayon ommaviy savdosiz, toʻgʻridan-toʻgʻri bitta kompaniya ishtirokida amalga oshirilgan boʻlishi mumkin.
Zavod haqida
Dehqonobod kaliy zavodi Oʻzbekiston kimyo sanoatining eng muhim ishlab chiqarish obʼektlaridan biri boʻlib, xususiylashtirishdan avval “Oʻzkimyosanoat” AJ tasarrufida edi. Zavod qurilishi 128,2 mln AQSh dollariga tushgan va bu mablagʻlar bir nechta manbalar hisobidan taʼminlangan:
- Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi – 61,7 mln dollar
- Xitoy Eksimbanki – 41,7 mln dollar
- Kimyo sanoati korxonalarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi – 24,8 mln dollar
Xaridor haqida
Asian Chemical Group MChJ 2024 yil noyabr oyida tashkil etilgan. Asosiy faoliyat turi — azotli birikmalar ishlab chiqarish. Kompaniyaning ustav fondi 19,6 mln soʻm.
Uning 51 foiz ulushi OV Industrial Investments L.L.C-FZ’ga, qolgan 49 foizi esa New Industrial Technologies MChJga tegishli. Rahbar sifatida Valiullin Ilgiz Azatovich koʻrsatilgan.
New Industrial Technologies MChJ 2019 yil aprel oyida tashkil etilgan boʻlib, ustav kapitali 1,1 trln soʻm. Kompaniyaning 100 foiz ulushi Abdurahmonov Mustafo Oʻrozboyevichga tegishli. 2022 yilda u Oʻzbekistondagi yirik toʻlov operatorlaridan biri Paynet’ning toʻliq egasiga aylangan. 2025 yil yanvarida esa Paynet Humo toʻlov tizimining 100 foiz davlat ulushini 65 mln dollarga xarid qilgan.
Mustafa Abdurahmonov, shuningdek, ASIA ALLIANCE BANK AJning 77,3 foiziga egalik qiladigan ASIA ALLIANCE GROUP MChJ QKning 77,61 foiz ulushi bilan taʼsischisi hisoblanadi.