DeepSeek oʻzini oʻzi takomillashtiruvchi AI modeli ustida ishlamoqda
Yangi DeepSeek-GRM modeli samaradorlik boʻyicha Gemini, Llama va GPT-4o kabi modellarni ortda qoldirgani aytilmoqda.

Yanvarda arzon narxli mantiqiy fikrlash modelini taqdim etib, texnologiya bozorini larzaga solgan Xitoyning DeepSeek startapi hozirda sunʼiy intellekt sohasida yangi inqilobga tayyorlanmoqda.
Kompaniya Pekindagi Tsinghua universiteti bilan hamkorlikda oʻz-oʻzini rivojlantira oladigan AI modellar ustida ishlamoqda. Yaqinda chop etilgan ilmiy maqolada, DeepSeek tadqiqotchilari yangi yondashuv — self-principled critique tuning (SPCT) haqida soʻz yuritdi. Bu texnologiya orqali AI modellar oʻz javoblarini baholab, tanqid asosida oʻzlarini takomillashtirishni oʻrganadi. Bu yondashuv oʻz-oʻzini mukofotlash (generative reward modeling) deb ataladi.
Oddiy qilib aytganda, bu tizim sunʼiy intellektni real vaqt rejimda oʻz ustida ishlashga majbur qiladi. Model foydalanuvchi savoliga javob tayyorlarkan, ichki "hakam" sifatida harakat qilib, oʻz javobini mavjud tamoyillar va kutilgan natija bilan solishtiradi. Agar moslik darajasi yuqori boʻlsa, mukofot signali ishlab chiqiladi. Bu esa navbatdagi bosqichda yanada aniqlik bilan ishlashga undaydi.
DeepSeek ushbu keyingi avlod modellarini DeepSeek-GRM deb atamoqda. Tadqiqotda keltirilgan benchmarklarga koʻra, bu modellar Google Gemini, Meta Llama, va OpenAI GPT-4o kabi kuchli raqiblaridan ham yuqori natijalarni koʻrsatgan. Kompaniya ushbu modellarni ochiq manba asosida ommaga taqdim etishni rejalashtirmoqda.
DeepSeek allaqachon Huawei, Oppo, Vivo kabi kompaniyalar tomonidan tijoriy jihatdan qabul qilindi, Microsoft, Alibaba va Tencent esa uni oʻz platformalariga qoʻshib ulgurdi.
Bu orada, sunʼiy intellektning oʻz-oʻzini rivojlantirish gʻoyasi tobora koʻproq eʼtibor qozonmoqda. Meta oʻzining Llama 4 modelida shu yondashuv asosida oʻzini mukofotlaydigan tizimni sinovdan oʻtkazdi va Claude 2, Gemini Pro, hamda GPT-4 kabi raqiblarni ortda qoldirdi. Microsoft rahbari Satya Nadella esa bu davrni “AI yordamida AI yaratish davri” deb atadi.
Qiziqarlisi, DeepSeek ushbu texnologiyani Gʻarbdagi raqobatchilaridan koʻra kamroq resurs bilan amalga oshirishga harakat qilmoqda.