12 004.750 so‘m

decrease

-16.570

13 691.420 so‘m

decrease

-42.940

157.110 so‘m

decrease

-0.530

12 004.750 so‘m

decrease

-16.570

Yaqin 14 daqiqa ichida
Bozor
49

Cobalt sotuvi pasaygani fonida eski mashina egalariga foizsiz xarid taklif qilinmoqda

Eski avtomobillarni utilizatsiyaga topshirgan fuqarolarga ularning bozor qiymatiga qarab 5 mln soʻmdan 70 mln soʻmgacha pul yoki yangi mashina xaridida ishlatiladigan vaucher berish taklif qilinmoqda. 

Vaucher orqali avtomobilni boshlangʻich toʻlovsiz va 7 yilgacha foizsiz olish mumkin boʻladi. Bu Cobalt ishlab chiqarilganidan qariyb ikki baravar kam sotilayotgan davrga toʻgʻri kelyapti.

Cobalt sotuvi pasaygani fonida eski mashina egalariga foizsiz xarid taklif qilinmoqda
Foto: AI/Pinkod.uz

Oʻzbekistonda eski avtomobillarni utilizatsiya qilish boʻyicha loyiha jamoatchilik eʼtirozlaridan keyin qayta koʻrib chiqilmoqda

Bahsli 30 BHMlik ekologik kompensatsiya loyihadan chiqarilmoqda, uning oʻrniga esa eski mashinasini topshirgan fuqarolarga yangi avtomobilni boshlangʻich toʻlovsiz va 7 yilgacha foizsiz boʻlib-boʻlib olish imkonini beruvchi tizim taklif qilinyapti.

Respublikada qariyb 5 mln avtotransport vositasi mavjud boʻlib, ularning 100 mingtasi nosoz holatda ekani aytilmoqda. Rasmiy izohga koʻra, bunday transport vositalari shaharlardagi zararli tashlamalarning 63 foiziga sabab boʻlmoqda. Shu bilan birga, bitta eski avtomobil utilizatsiya qilinganda metall va plastikdan tashqari 50 kilogrammgacha xavfli qattiq chiqindi ham ajralib chiqadi.

Avvalgi loyihada ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan oshgan avtomobil egalari har yili 30 BHM miqdorida ekologik kompensatsiya toʻlashi nazarda tutilgan edi. Ammo jamoatchilik muhokamalari va eʼtirozlardan keyin ushbu band loyihadan butunlay chiqarib tashlanmoqda.

Endi majburiy toʻlov oʻrniga iqtisodiy ragʻbatlantirish mexanizmi taklif qilinyapti. Unga koʻra, eski yoki nosoz avtomobillar maxsus baholovchi korxonalar tomonidan bozor qiymatida baholanadi. Avtomobil harakatlana olmasa, mutaxassislar uni joyiga chiqqan holda koʻrikdan oʻtkazishi mumkin boʻladi.

Baholangan qiymat boʻyicha egasiga naqd pul yoki yangi avtomobil xaridida ishlatiladigan maxsus vaucher beriladi. Fuqaro ushbu vaucherni rasmiy dilerlardan yangi avtomobil sotib olishda boshlangʻich toʻlov sifatida ishlatishi mumkin. Qolgan summa esa 2 yildan 7 yilgacha foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlanishi koʻzda tutilmoqda.

Masalan, 165 mln soʻmlik Cobalt xarid qilinadigan boʻlsa, eski avtomobil 5 mln soʻmga baholangan taqdirda ham fuqaro boshlangʻich toʻlov qilmasdan mashina olishi mumkin boʻladi. Bunda qolgan 160 mln soʻm 7 yilga boʻlib berilsa, oylik toʻlov qariyb 1,9 mln soʻmni tashkil qiladi.

Agar eski avtomobil yaxshiroq saqlangan boʻlib, 70 mln soʻmga baholansa, yangi Cobalt uchun qolgan summa 95 mln soʻm boʻladi. Bu holatda 7 yillik muddatda oylik toʻlov qariyb 1,13 mln soʻmga tushadi.

Taklif aynan Cobalt sotuvi pasaygan bir paytga toʻgʻri kelmoqda

2026 yil yanvar–aprel oylarida Oʻzbekistonda 29 923 ta Cobalt sotilgan. Oʻtgan yilning shu davrida bu koʻrsatkich 42 504 tani tashkil qilgan edi. Yaʼni model sotuvi bir yilda 12,6 mingtaga yoki qariyb 30 foizga kamaygan.

Yanvar–may oylarida esa Cobalt sotuvi 35 245 donani tashkil qilib, oʻtgan yilga nisbatan 35,4 foizga qisqargani aytilmoqda. Shu davrda mamlakatda 69 302 ta Cobalt ishlab chiqarilgan. Yaʼni besh oyda ishlab chiqarilgan Cobalt’lar soni sotilganidan qariyb ikki barobar koʻp boʻlgan.

Shu fonda eski avtomobil egalariga yangi mashinani, xususan Cobalt’ni boshlangʻich toʻlovsiz va 7 yilgacha foizsiz olish imkonini beruvchi tizim faqat ekologik tashabbus emas, balki pasayib borayotgan avtomobil savdosini ragʻbatlantirish mexanizmi sifatida ham koʻrinmoqda.

Rasmiy izohda ushbu tartib eski va nosoz avtomobillarning atrof-muhitga zararini kamaytirish, avtoparkni yangilash hamda utilizatsiya tizimini shakllantirishga xizmat qilishi aytilmoqda. Biroq amalda bu taklif eski mashina egalari hisobiga yangi avtomobil bozoriga qoʻshimcha talab olib kirishi mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+