Click aksiyadorlariga 2026 yilda 160,6 mlrd soʻm dividend ajratishga qaror qilgan
Click aksiyadorlari 2026 yil davomida toʻrtta qaror bilan jami 160,6 mlrd soʻmni dividend sifatida taqsimlashni maʼqullagan. Bu kompaniyaning joriy yil birinchi yarmida olgan qariyb 150 mlrd soʻmlik sof foydasidan 7 foiz koʻp. Dividendlarning bir qismi esa avvalgi davrlarda toʻplangan taqsimlanmagan foyda hisobidan ajratilgan.

Bu haqda kompaniya tomonidan ochiqlangan korporativ maʼlumotlarda keltirib oʻtilgan.
Yilning birinchi dividend qarori 15 yanvarda qabul qilingan. Click’ning 150,6 mlrd soʻmlik taqsimlanmagan foydasidan 36 mlrd soʻmi aksiyadorlarga yoʻnaltirilgan. Har bir joylashtirilgan aksiyaga 1 800 soʻmdan dividend belgilangan. Kompaniyada 20 mln dona aksiya mavjud boʻlib, mazkur dividendlar 16 martgacha toʻliq toʻlangan.
18 martda aksiyadorlar yana 36 mlrd soʻm dividend ajratgan. Bu safar ham bir aksiyaga 1 800 soʻmdan toʻgʻri kelgan. Natijada Click’ning oʻsha paytdagi 114,6 mlrd soʻmlik taqsimlanmagan foydasi 78,6 mlrd soʻmgacha kamaygan. Ushbu dividendlar ham 17 maygacha toʻliq toʻlangan.
May oyida dividend miqdori oshirilgan. 18 maydagi qaror bilan 78,6 mlrd soʻmlik taqsimlanmagan foydaning 52,58 mlrd soʻmi aksiyadorlarga berilgan. Bir aksiyaga dividend 2 629,06 soʻmni tashkil etgan, toʻlov muddati 16 iyulgacha belgilangan.
Soʻnggi dividend qarori 30 sentabrda qabul qilingan. Openinfo dividendlar kalendarida Click aksiyalari boʻyicha yana 1 800 soʻmdan toʻlov belgilangan va dividendlarni 28 noyabrgacha toʻlash koʻzda tutilgan. 20 mln dona aksiya hisobida bu yana 36 mlrd soʻmni tashkil qiladi.
Shu tariqa, 2026 yilning oʻzida qabul qilingan toʻrtta dividend qarori boʻyicha jami summa 160,58 mlrd soʻmga yetgan. Bir aksiyaga yil davomida jami 8 029,06 soʻm dividend hisoblangan.
Click kimlarga tegishli?
iHamkor maʼlumotlarida Click aksiyalari yetti nafar jismoniy shaxs oʻrtasida taqsimlangani koʻrsatilgan. Eng katta ulush Ilyas Azimovga tegishli — 35 foiz. Azizillo Gʻulomqodirov 25 foiz, Ilhom Azimov 20 foiz ulushga ega. Bahodir Abduqodirov, Rustam Fayziyev, Ulugʻbek Rustamov va Jahongir Usmonovning ulushi esa 5 foizdan.

Mazkur aksiyadorlik tarkibi yuridik shaxslar davlat reyestrining ochiq kartochkasida alohida koʻrsatilmagan. Biroq u Openinfo’dagi kompaniyaning 2025 yilgi rasmiy emissiya hujjatiga ham mos keladi.
Tushum oshgan, sof foyda esa kamaygan
Click’ning 2026 yil birinchi yarim yillik moliyaviy hisobotida sof tushum 437,58 mlrd soʻmni tashkil qilgan. Bir yil avval kompaniya 353,44 mlrd soʻm tushum olgan edi. Shu tariqa koʻrsatkich 84,1 mlrd soʻmga yoki 23,8 foizga oshgan.
Biroq sof foyda tushumdagi oʻsishni takrorlamagan. 2025 yil birinchi yarmidagi 154,68 mlrd soʻmlik sof foyda joriy yilning mos davrida 149,99 mlrd soʻmgacha kamaygan. Natijada kompaniyaning sof foyda marjasi 43,8 foizdan 34,3 foizgacha tushgan.
Bunga xarajatlarning tushumdan tezroq oʻsishi ham taʼsir qilgan. Click’ning davr xarajatlari 180,61 mlrd soʻmdan 254,4 mlrd soʻmgacha yoki qariyb 41 foizga koʻpaygan. Boshqa operatsion xarajatlar esa 38,66 mlrd soʻmdan 134,91 mlrd soʻmgacha — qariyb 3,5 baravarga oshgan.
Shu bilan birga, dividendlarning jami miqdorini faqat joriy yil foydasi bilan solishtirish toʻliq manzarani bermaydi. 30 iyun holatiga Click balansida 258,62 mlrd soʻm taqsimlanmagan foyda mavjud boʻlgan. Bu oldingi davrlarda yigʻilgan va keyinchalik aksiyadorlarga taqsimlanishi mumkin boʻlgan foydani ham oʻz ichiga oladi.









