Citibank yaqin uch oy ichidagi oltin narxi boʻyicha prognozini $3 500 gacha oshirdi
Citibank oltin narxi boʻyicha avvalgi salbiy prognozini ijobiy tomonga oʻzgartirdi.
Bank mutaxassislari narxlar yaqin uch oy ichida bir unsiya uchun $3 500 gacha koʻtarilishini kutmoqda.
Bu bir gramm sof oltin narxi $112 gacha chiqishi mumkinligini bildiradi.

Citigroup oʻzining oltin narxi boʻyicha ilgari bildirgan salbiy (pessimistik) prognozini qayta koʻrib chiqdi. Bu haqda bank hisobotiga tayanib Bloomberg xabar berdi.
Endilikda Citi tahlilchilari, AQSh iqtisodiyoti zaiflashayotgani va boj stavkalari inflyatsiyani kuchaytirayotgani fonida, oltin narxi yaqin orada rekord darajaga chiqishini kutmoqda.
“2025 yilning ikkinchi yarmida AQSh iqtisodiy oʻsishi va tariflarga bogʻliq inflyatsiya xavotirlari yuqori boʻlib qoladi. Bu esa zaiflashgan dollar bilan birgalikda oltin narxining yangi rekord darajaga chiqishiga turtki beradi”, — deyiladi bank bayonotida.
Bank oltinning yaqin uch oy ichidagi narx boʻyicha prognozini $3 300 dan $3 500 ga koʻtardi. Bu bir gramm sof oltin narxi $112 gacha chiqishi mumkinligini bildiradi.
Shuningdek, tahlilchilarning fikricha, keyingi choraklarda oltin bir unsiyasi $3 300 dan $3 600 gacha boʻlgan oraliqda savdo qilinishi mumkin. Bu prognoz AQSh import bojlari kutilgandan yuqori darajada belgilanishi bilan bogʻliq.

Maʼlumot uchun, ayni paytda jahon bozorida 1 gramm sof oltin $108 atrofida savdo qilinmoqda.
Mazkur prognoz Citi’ning iyun oyidagi pozitsiyasidan ancha farq qiladi. Oʻshanda bank yaqin choraklarda oltin narxi $3 000 dan past boʻlishini taxmin qilgandi.
Citibank’ning avvalgi prognozi bilan bu yerda tanishib chiqish mumkin.
Oltin narxining koʻtarilishiga sabab sifatida, avvalo, AQSh dollarining sezilarli darajada zaiflashganini koʻrsatilmoqda. Reuters xabariga koʻra, bu holat mamlakatda yangi ish oʻrinlari kamaygani bilan bogʻliq. Natijada bozor ishtirokchilari Federal zaxira tizimi (FED) sentabr oyida asosiy foiz stavkasini pasaytirishiga 81 foiz ehtimol bilan qaramoqda.
Xabar tayyorlanayotgan paytda Oʻzbekiston banklaridagi 5 grammlik oltin quymasi narxi 7 mln 34 ming soʻmni tashkil qilmoqda.
Bank, shuningdek, FED va statistik xizmatlarga boʻlgan ishonchning pasaygani, hamda Rossiya–Ukraina urushi bilan bogʻliq geosiyosiy xavflarning ortgani kabi omillarni ham taʼkidlab oʻtdi.
Anʼanaga koʻra, oltin siyosiy va iqtisodiy noaniqlik sharoitida “xavfsiz aktiv” sifatida katta talabga ega boʻladi. Ayniqsa foiz stavkalari past boʻlsa, bu talab yanada ortadi.
Citi hisob-kitoblariga koʻra, 2022 yil oʻrtasidan buyon oltinga boʻlgan global talab qariyb uchdan birga oshgan. Bu esa 2025 yil ikkinchi choragiga kelib, oltin narxining deyarli ikki baravar koʻtarilishiga sabab boʻlgan.
Bankning aytishicha, bu oʻsishga asosiy sabablar – sarmoyadorlar tomonidan kuchli talab, markaziy banklarning moʻʼtadil miqdorda oltin xarid qilishi va yuqori narxlarga qaramay, zargarlik mahsulotlariga talabning barqaror qolganidir.
Avvalroq Pinkod Goldman Sachs yil oxiridagi oltin narxi boʻyicha prognozini $3 700 ga koʻtargani haqida xabar bergan edi.