ChatGPT’ning bepul va Go tariflarida reklama paydo boʻlishi mumkin
Dastlab reklama AQShda bepul va Go tariflarida sinovdan oʻtkaziladi, keyinchalik esa global miqyosda tatbiq etilishi mumkin. OpenAI yuqori tariflarda reklama boʻlmasligini maʼlum qildi.

OpenAI xarajatlarni optimallashtirish maqsadida ChatGPT’ning bepul va ayrim pulli tariflarida reklama joylashtirish imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazmoqda.
Rejalarga koʻra, reklamalar yaqin haftalarda AQShda faqat bepul va Go tariflari uchun test rejimida ishga tushiriladi. Keyinchalik ushbu amaliyot global miqyosda ham joriy etilishi mumkin.
Kompaniya maʼlumotiga koʻra, Pro, Business va Enterprise kabi yuqori darajadagi obunalarda reklama koʻrsatilmaydi. Reklamalardan butunlay voz kechmoqchi boʻlgan foydalanuvchilar aynan shu tariflardan birini tanlashlari mumkin boʻladi.
OpenAI reklama ChatGPT javoblarining mazmuniga hech qanday taʼsir koʻrsatmasligini alohida taʼkidladi. Reklamalar aniq belgilangan formatda, javoblardan alohida joylashtiriladi va foydalanuvchilarning suhbatlari reklama beruvchilar bilan ulashilmaydi.

Shuningdek, kompaniya 18 yoshdan kichik foydalanuvchilarga, shuningdek sogʻliq, ruhiy salomatlik va siyosat kabi nozik mavzular bilan bogʻliq kontent yonida reklama koʻrsatilmasligini bildirdi.
OpenAI’ning qayd etishicha, reklama joriy etilishidan koʻzlangan asosiy maqsad — sunʼiy intellekt vositalaridan kengroq foydalanish imkonini yaratish, xarajatlarni oshirmaslik va platformaga boʻlgan ishonchni saqlab qolishdir.
Kompaniya, shuningdek, ChatGPT’ni foydalanuvchilarning platformada oʻtkazgan vaqti yoki faolligini oshirish uchun optimallashtirmasligini, reklama daromadidan koʻra foydalanuvchi tajribasini ustuvor deb bilishini taʼkidladi.
Dastlabki reklama formatlarini sinovdan oʻtkazish yaqin vaqt ichida boshlanishi kutilmoqda. OpenAI esa foydalanuvchilarning fikr-mulohazalariga asoslanib reklama siyosatini bosqichma-bosqich takomillashtirib borishini maʼlum qildi.









