12 998.910 so‘m

increase

13.900

13 439.570 so‘m

increase

154.610

131.290 so‘m

increase

1.450

12 998.910 so‘m

increase

13.900

22-yanvar, 17:10
Texnologiya

Chat GPT yaratuvchilari inson aralashuvisiz turli vazifalarni bajara oladigan AI agentni taqdim etmoqchi

Internetda Open AI minimal inson aralashuvi bilan kompyuterda mustaqil vazifalarni, jumladan, chipta sotib olib mehmonxona bron qila oluvchi assistent ustida ishlayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Chat GPT yaratuvchilari inson aralashuvisiz turli vazifalarni bajara oladigan AI agentni taqdim etmoqchi
Foto: AI / Pinkod.uz

Open AI avtomatik ravishda kod yozish yoki sayohatlarni bron qilish kabi vazifalarni bajara oladigan, Operator deb nomlanuvchi AI dasturini taqdim etishga tayyorlanayotgan boʻlishi mumkin. Bu haqda Bloomberg’da bir necha yil faoliyat yuritgan va oʻzining AI’ga oid yangiliklarni avvaldan taxmin qilishi bilan tanilgan Tibor Blaho oʻzining X (sobiq Twitter) sahifasida maʼlumot berdi.

Operator qanday dastur?

Operator turli xil vazifalarni minimal foydalanuvchi aralashuvi bilan bajarishga yordam beruvchi agent hisoblanadi. Anʼanaviy sunʼiy intellektli assistentlardan farqli ravishda, Operator ilovalararo vazifalarni osonlik bilan bajara oladi, bu esa samaralik va shaxsiy kompyuter sohasida inqilobni boshlab berishi mumkin. Maʼlumotlarga koʻra, Open AI Operatorni yanvar oyining oʻzidayoq taqdim qilmoqchi.

Ishlash qobiliyati

Tarqalib ketgan benchmark natijalari dastur ishlashi haqida turli xulosalarni taqdim qilmoqda.

Real dunyo kompyuter muhiti simulyatsiyasida Operatorning sunʼiy intellekt modeli – OpenAI Computer Use Agent (CUA) – 38.1% natijaga erishdi. Bu raqam raqobatchilarnikidan yuqori boʻlsa-da, insonlarning erishgan 72.4% natijasidan ancha pastdir. Operator internet saytlardan qidirish va maʼlumot toʻplashda esa insondan oʻtib ketgan.

Haqiqiy vazifalar, misol uchun, bulutli xotira dasturidan roʻyxatdan oʻtish va virtual mashina yaratishda Operator 60 foizlik muvaffaqiyatga erishdi. Shunga qaramasdan, assistent Bitcoin hamyonini yaratishda juda yomon, 10 foizlik natijani koʻrsatdi.

Mazkur natijalar assistent hozircha vazifalarni inson aralashuvisiz yuz foiz aniqlikda bajara olmasligini koʻrsatadi.

Operatorni ishlab chiqish jarayonida xavfsizlik masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilgan. Blaho tarqatgan grafiklar Operator xavfsizlikni baholashda, jumladan noqonuniy faoliyatni ragʻbatlantirish yoki shaxsiy maʼlumotlarni izlash uchun moʻljallangan sinov testlarida ham yaxshi natija koʻrsatganini tasdiqlaydi.

Foto: X/Tibor Blaho

OpenAI’ning sunʼiy intellekt agentlari sohasiga kirishi Google va Anthropic kabi kompaniyalar bilan boʻlayotgan kuchli raqobat sharoitida yuz berdi. Markets and Markets tadqiqot kompaniyasining maʼlumotlariga koʻra, 2030 yilga kelib sunʼiy intellekt agentlari bozorining qiymati 47,1 milliard dollarga yetishi mumkin. Bu esa ushbu texnologiyaning kelajakdagi katta ahamiyatini koʻrsatib turibdi.

Operator oʻzining katta imkoniyatlariga qaramay, ishonchlilik muammolari va xavfsizlik boʻyicha jamoatchilik nazorati kabi toʻsiqlarga duch kelishi ehtimoli katta.

Avvalroq Open AI’ning eng kuchli AI modeli GPT o3 hattoki kompaniya dasturchilaridan ham yaxshiroq kod yozayotgani xabar qilingandi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+