“Bu boshqacha market”: Oʻzbekistonda Yandex Market yopilmoqda
Market Yandex Go Oʻzbekiston bozoriga kirganidan 19 oy oʻtib, 10 noyabrdan yangi buyurtmalarni qabul qilishni toʻxtatadi.
Kompaniya marketpleys uchun 9 ming kvadrat metrlik ombor qurib, xizmatni toʻqqizta hududga kengaytirgan va “Bu boshqacha market” reklama kampaniyasi bilan Uzum’ga ochiq raqobatchi sifatida kirib kelgan edi.
Pinkod Yandex Market’ning shov-shuvli startidan yopilishigacha boʻlgan qisqa tarixiga nazar tashladi.

Market Yandex Go Oʻzbekistonda ish boshlaganidan 19 oy oʻtib, 10 noyabrdan faoliyatini toʻxtatadi. Uzum Market bilan reklama jangi orqali bozorda shov-shuv koʻtargan Yandex endi klassik marketpleys modelidan voz kechib, Lavka va “Doʻkonlar” orqali tezkor yetkazib berishga eʼtibor qaratmoqda.
Yandex Uzbekistan maʼlumotiga koʻra, Market vitrinasida 10 noyabrgacha buyurtma berish mumkin. Shu sanagacha rasmiylashtirilgan buyurtmalar qayta ishlanib, xaridorlarga yetkaziladi.

Qoʻllab-quvvatlash xizmati ham foydalanuvchilar va hamkorlarning mavjud buyurtmalar boʻyicha murojaatlariga javob berishda davom etadi.
Kompaniya qarorini tezkor yetkazib berish yoʻnalishidagi oʻsish bilan izohlamoqda.
Yandex maʼlumotlariga koʻra, Lavka va “Doʻkonlar”dagi buyurtmalar soni 2025 yilga nisbatan uch baravar koʻpaygan. “Doʻkonlar” bilan ishlayotgan hamkorlar soni qariyb ikki baravar oshib, 500 taga yetgan. Lavka esa Oʻzbekistonda 10 ta darkstor orqali ishlamoqda.
Biroq Yandex Market’ning oʻziga doir buyurtmalar soni, savdo aylanmasi, faol sotuvchilar va xaridorlar koʻrsatkichlarini oshkor qilmagan. Shu sababli marketpleysning yopilishiga talabning pastligi, operatsion xarajatlar yoki mahalliy raqobat qay darajada taʼsir qilganini ochiq maʼlumotlar asosida aniqlab boʻlmaydi.
Hammasi “Bu boshqacha market”dan boshlangandi
Yandex Market 2025 yil aprelida Oʻzbekiston bozoriga katta reklama kampaniyasi bilan kirib kelgan edi.
Televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilgan rolikda bir yigit atrofidagilardan “ajoyib market” haqida eshitadi, ammo market nomi aytilgan paytda har safar turli shovqinlar gapni bosib ketadi.
Rolik oxirida yigit qoʻlidagi uzum dastasini koʻrsatib, “A, bu marketmi?” deb soʻraydi. Unga “Yoʻq, bu boshqacha market”, degan javob berilib, Market Yandex Go tanishtiriladi.
Uzum Market bu reklamani oʻz brendiga bilvosita ishora va insofsiz raqobat deb baholadi. Dastlab kompaniya ijtimoiy tarmoqlarda oʻzining javob roligini eʼlon qildi. Keyinchalik esa Raqobat qoʻmitasiga rasmiy murojaat yoʻlladi.

Yandex ham reklama yurishlarini davom ettirib, Qurbon hayiti arafasida Uzum Market, Ozon va Wildberries’ning buyurtma topshirish punktlariga sovgʻa savatlari yubordi. Bu ikki marketpleys oʻrtasidagi marketing raqobatini yana kuchaytirdi. Pinkod Yandex va Uzum oʻrtasidagi reklama jangi qanday boshlanganini avvalroq batafsil yoritgan edi.
Yandex va Uzum oʻrtasidagi marketing jangi: hammasi qayerdan boshlangan edi?

2025 yil avgustida Raqobat qoʻmitasi Yandex reklamasida Uzum Market’ga bilvosita ishora qilingan, degan xulosaga keldi. Komissiya binafsha rangdagi kiyim, uzum dastasi va “bu boshqa market” iborasi orqali Yandex Market’ning raqibidan ustunligi haqida xolis asosga ega boʻlmagan tasavvur yaratilganini qayd etdi.
Natijada YandexGo UB’ga reklamani ommaviy axborot vositalaridan olib tashlash topshirildi. Uzum Market bevosita moddiy zarar yetkazilganini tasdiqlovchi yetarli hujjat taqdim etmagani sababli moliyaviy sanksiya qoʻllanmagandi.
9 ming kvadrat metrlik ombor va hududlarga kengayish
Yandex Market dastlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ayrim tumanlarida ish boshladi. Platformada elektronika, maishiy texnika, kiyim-kechak, poyabzal, kosmetika hamda uy va taʼmirlash uchun mahsulotlar sotilgan.
Ishga tushirilgan paytda xaridorlar buyurtmalarini 60 ta topshirish punktidan olishlari yoki kurer orqali yetkazib berishlari mumkin edi. Yandex 2025 yil oxirigacha bunday punktlar sonini mamlakat boʻylab 250 taga yetkazishni rejalashtirgan. Bundan tashqari, kompaniya Zangiota tumanida sotuvchilar uchun 9 ming kvadrat metrlik ombor qurgan va Yandex Split orqali boʻlib toʻlash xizmatini taklif qilgan.

2025 yil avgustida xizmat Fargʻona, Andijon, Namangan, Buxoro, Jizzax, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlari hamda Navoiy shahriga kengaydi. Shu tariqa Yandex Market Toshkentdagi sinov bosqichidan hududiy marketpleysga aylanish tomon harakat qilgan edi.
Shunga qaramay, kompaniya bir yarim yildan sal koʻproq vaqt oʻtib ushbu modelni davom ettirmaslikka qaror qildi. Yandex Market uchun qurilgan ombor, buyurtma topshirish punktlari va sotuvchilar infratuzilmasining keyingi taqdiri haqida hozircha maʼlumot berilmagan.
Yandex Market bozorda ancha yirik infratuzilmaga ega Uzum bilan raqobatlashayotgan edi. Raqobat qoʻmitasi 2025 yilda Uzum Market’ni marketpleyslar bozorida ustun mavqega ega raqamli platforma sifatida eʼtirof etgan. Uzum’ning oʻz maʼlumotiga koʻra, 2026 yil iyulida uning buyurtma topshirish punktlari va hamkor nuqtalari soni 2,1 mingdan, faol sotuvchilari soni esa 18 mingdan oshgan.
Yandex marketpleysdan mahalliy yetkazib berishga oʻtmoqda
Market Yandex Go keng assortiment, markaziy ombor va bir necha kunlik yetkazib berishga tayangan. Lavka va “Doʻkonlar” esa xaridorga yaqin darkstor yoki hamkor savdo nuqtasidagi mahsulotni tez yetkazish modelida ishlaydi.
Shu tariqa Yandex Oʻzbekistonda elektron savdodan butunlay chiqib ketayotgani yoʻq. Kompaniya keng katalogli marketpleys qurish oʻrniga, oʻzining mavjud ustunliklari boʻlgan logistika, kurerlar tarmogʻi va Yandex Go auditoriyasidan foydalanishga urinmoqda.
Bu yoʻnalishdagi keyingi qadam ham maʼlum. Yandex 2026 yil oxirigacha Toshkentda Lavka buyurtmalarini avtonom robotlar orqali yetkazib berishni rejalashtirgan. Robotlar ikki kilometrgacha boʻlgan yoʻnalishlarda oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj tovarlarini tashishi koʻzda tutilmoqda.









