BRB va Xalq banki davlat ulushi saqlanadigan banklar roʻyxatidan chiqarildi — yangilangan Fiskal strategiya
Yangi strategiyaga koʻra, Oʻzmilliybank, Agrobank va Mikrokreditbankda davlat ishtiroki saqlab qolinadi. Oʻzsanoatqurilishbank, Aloqabank va Asakabank xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda isloh qilinadi, Turonbankni xususiylashtirish masalasi koʻrib chiqiladi. Xalq banki va Biznesni rivojlantirish bankining kelgusi taqdiri esa hujjatda ochiq qoldirilgan.

2027–2029 yillarga moʻljallangan Fiskal strategiyada bank tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi.
Davlat ishtiroki ustuvor ravishda Oʻzmilliybank, Agrobank va Mikrokreditbankda saqlab qolinadi. Bundan kelib chiqib, qolgan oltita davlat banki — Oʻzsanoatqurilishbank, Asakabank, Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki, Aloqabank va Turonbank kelgusida xususiylashtirilishi mumkin.
Oʻzmilliybank strategik korxonalar hamda investitsiya loyihalariga bozor shartlari asosida xizmat koʻrsatuvchi tizimli ahamiyatga molik muassasa sifatida faoliyat yuritishi belgilangan.
Shuningdek, qator davlat banklarini xalqaro moliya institutlari ishtirokida transformatsiya qilish va xususiylashtirish rejalashtirilmoqda. Xususan, Oʻzsanoatqurilishbank Xalqaro moliya korporatsiyasi, Aloqabank Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot banki, Asakabank esa YeTTB bilan hamkorlikda isloh qilinadi.
Turonbankni esa xalqaro konsultantlarni jalb etgan holda xususiylashtirish masalasini koʻrib chiqish belgilangan. Hujjatda mazkur banklarni xususiylashtirishning aniq muddatlari koʻrsatilmagan.
Asakabank boʻyicha jarayon nisbatan aniqroq belgilangan. Prezidentning 2026 yil 20 apreldagi qarori bilan bankni xususiylashtirishga tayyorlash va uning faoliyatini bozor tamoyillariga moslashtirish choralari tasdiqlangan. Shuningdek, YeTTBning bankdagi 15 foiz ulushni sotib olishi boʻyicha kelishuv imzolangan.
Xalq banki va Biznesni rivojlantirish banki taqdiri nima boʻladi?
Yangi strategiyada davlat ulushi saqlab qolinadigan banklar qatorida Xalq banki va Biznesni rivojlantirish bankining tilga olinmagani ularning kelgusi taqdiri boʻyicha savollarni keltirib chiqardi.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning qayd etishicha, oʻtgan yilgi Fiskal strategiyada davlat ishtiroki saqlab qolinishi belgilangan banklar qatorida Xalq banki va Biznesni rivojlantirish banki ham bor edi. Yangilangan strategiyada esa har ikki bank haqida biron-bir aniq koʻrsatma berilmagan.
Bakirov, ayniqsa, mamlakatdagi yirik va hududiy qamrovi keng banklardan biri boʻlgan Xalq bankining kelajagi boʻyicha rasmiy rejalar ochiqlanmayotganiga eʼtibor qaratgan.
Yil boshida Xalq bankining 30 foizlik aksiyalar paketi Milliy investitsiya jamgʻarmasi portfelidan ham chiqarilgan.
Biroq hozircha Xalq banki va Biznesni rivojlantirish bankini xususiylashtirish, ulardagi davlat ulushini qisqartirish yoki boshqa investorga oʻtkazish boʻyicha rasmiy qaror eʼlon qilinmagan.









