Bitcoin narxi soʻnggi ikki oy ichidagi eng past darajaga tushdi
Bitcoin narxi ikki oy ichidagi eng past darajaga tushib, 81,1 ming dollargacha pasaydi.
Soʻnggi bir sutka ichida kriptovalyuta qiymati 6 foizdan koʻproqqa arzonlashdi, bozordagi kunlik likvidatsiya hajmi esa 1,7 mlrd dollardan oshdi.

30 yanvar kuni Bitcoin narxi 81,1 ming dollargacha pasaydi. Bu koʻrsatkich 2025 yil 21 noyabrdan buyon qayd etilgan eng past daraja hisoblanadi.
Soʻnggi bir sutka ichida kriptovalyuta qiymati 6 foizdan koʻproqqa arzonlashdi. 11:02 holatiga koʻra, Bitcoin 82,6 ming dollar atrofida savdo qilinmoqda.

Narxlarning keskin pasayishi asosan investorlarning AQSh Federal rezerv tizimi (FED) asosiy foiz stavkalarini oʻzgartirmaslik haqidagi qaroridan keyin yuzaga kelgan xavotirlari bilan bogʻliq.
Ushbu qaror stavkalar uzoqroq muddat yuqori darajada saqlanib qolishi (“higher-for-longer”) mumkinligiga ishora qilmoqda. Natijada, anʼanaviy va barqaror daromad keltiruvchi moliyaviy aktivlar Bitcoin kabi spekulyativ investitsiyalarga nisbatan jozibaliroq boʻlib bormoqda.
Shu bilan birga, treyderlar va yirik investorlar (whale’lar) oʻz portfellaridagi kriptoaktivlarni faol sotmoqda. Xususan, soʻnggi 24 soat ichida bozorda majburiy likvidatsiyalar hajmi 1,7 mlrd dollardan oshdi.
Bitcoin’dan keyingi eng yirik kriptovalyuta boʻlgan Ethereum narxi ham 6,7 foizga pasayib, 2 753 dollargacha tushdi. Bozordagi umumiy salbiy kayfiyat fonida boshqa kriptoaktivlarda ham shunga oʻxshash pasayishlar kuzatilmoqda.
Batafsil quyidagi rasmda:










