Bitcoin narxi ilk bor $118 000 dan oshdi
Soʻnggi 24 soat ichida Bitcoin narxi 6 foizdan ortiqqa oshdi. Mutaxassislar fikriga koʻra, kriptovalyutaning qiymati yaqin haftalarda $120,000–$128,500 oraligʻiga yetishi mumkin.

2025 yil 11 iyul tongida Bitcoin (BTC) yana bir tarixiy marrani zabt etdi. Kriptovalyutaning narxi ilk bor $118 ming chegarasini bosib oʻtdi va yangi eng yuqori koʻrsatkich sifatida qayd etildi. Ushbu xabar tayyorlanayotgan paytda BTC $118,277 atrofida savdo qilinmoqda va narx oshishda davom etmoqda.
Soʻnggi 24 soat ichida Bitcoin qiymati 6 foizdan koʻproqqa oʻsdi. Mutaxassislar bu oʻsishni bir nechta asosiy omillar bilan bogʻlamoqda. Xususan, AQShda Federal Rezerv tomonidan foiz stavkalarining pasaytirilishi kutilayotgani, shuningdek, yirik institutsional investorlar tomonidan kriptobozorga katta mablagʻlar yoʻnaltirilayotgani ushbu koʻtarilishga turtki boʻlmoqda.
Bundan tashqari, “Coinbase Premium” indeksi soʻnggi 20 kun davomida ijobiy holatda saqlanmoqda. Bu esa AQShdagi yirik investorlar va chakana foydalanuvchilarning faolligi yuqoriligini, yaʼni ular tomonidan kuchli xaridlar amalga oshirilayotganini anglatadi.

Texnik tahlillarga koʻra, Bitcoin narxining $109,000 darajasidan yuqorilashi uni $118,000 oraligʻidagi yangi bosqichga olib chiqdi. Bozor tahlilchilari $113,000–$118,000 diapazonini “likvidatsiya magniti” deb atamoqda — bu zona narxning keskin va faol harakatiga sabab boʻlayotgan asosiy hudud hisoblanadi.
Yangi rekorddan soʻng ekspertlar Bitcoin narxining yaqin haftalarda $120,000–$128,500 oraligʻiga chiqishini ehtimoliy deb baholamoqda.