11 813.090 so‘m

decrease

-7.390

13 677.200 so‘m

decrease

-88.930

135.610 so‘m

decrease

-1.900

11 813.090 so‘m

decrease

-7.390

2 soat avval
Iqtisodiyot
63

Bir xil kredit mablagʻi, olti baravar farqli natija: kambagʻallik kreditlari samaradorligi tanqid qilindi

Oʻzbekistonda ehtiyojmand aholi soni yil boshidagi 2,2 mln nafardan 1,5 mln nafargacha kamaygan. 

Biroq bir xil miqdorda kredit olgan ayrim tumanlarda kambagʻallikni qisqartirish natijalari olti baravargacha farq qilgan. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev mablagʻlardan samarasiz foydalanayotgan hududlar rahbarlarini tanqid qildi. 

Bir xil kredit mablagʻi, olti baravar farqli natija: kambagʻallik kreditlari samaradorligi tanqid qilindi

Ehtiyojmand aholi soni 700 ming nafarga kamaydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish boʻyicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boshlandi.

Yil boshida respublikada kambagʻallik darajasi 5,8 foizgacha tushib, ehtiyojmand aholi soni 2,2 mln nafarni tashkil etgan. Hozir bu koʻrsatkich 1,5 mln nafargacha kamaygan.

Shu tariqa, yil boshidan buyon ehtiyojmand aholi soni 700 ming nafarga yoki qariyb 32 foizga qisqargan.

Ishlarni samarali tashkil qilgan 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahalla ishsizlik hamda kambagʻallikdan xoli hududga aylanayotgani maʼlum qilindi.

Ayni paytda qolgan 159 ta tuman va shahar hamda 5 ming 536 ta mahalladagi masʼullar faoliyatida natija yetarli emasligi tanqid qilindi. Prezident barcha hududlarga bir xil vakolat, resurs va imkoniyat berilganini taʼkidlab, ulardan samarali foydalanish zarurligini qayd etdi.

Masʼullar javobgarlikni oʻz zimmasiga olishdan choʻchimoqda

Yigʻilishda joylarda kutilgan natijaga erishilmayotganining asosiy sabablari ham tahlil qilindi.

Xususan, “mahalla yettiligi” uchun masʼul rahbarlar viloyat, tuman, shahar va mahalladagi xodimlarga qabul qilingan qarorlarni qanday amalga oshirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar bermayotgani aytildi.

Bundan tashqari, ayrim rahbarlar yaratilgan sharoitlardan toʻgʻri foydalanish va “yettilik” faoliyatiga xolis baho berishni bilmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Tuman va mahallalarda kambagʻallik hamda ishsizlikka masʼul xodimlar masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishdan choʻchiyotgani ham tanqid qilindi.

Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha 50 yillik tajribaga ega Xitoy ham zamon talabidan kelib chiqib, quyi tizimga doimiy ravishda aniq koʻrsatmalar berib borayotgani qayd etildi.

“Oʻtgan uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalariga 314 trln soʻm resurs ajratildi. Lekin kreditlarning kambagʻallikni qisqartirishga taʼsiri barcha tumanda birdek sezilmayapti”, — dedi prezident.

Kreditlar samaradorligida olti baravar tafovut aniqlandi

Yigʻilishda ajratilgan kredit resurslarining natijadorligi tumanlar kesimida qiyosiy tahlil qilindi.

Jumladan, Sharof Rashidov va Qarshi tumanlariga bir xil — 2,3 trln soʻmdan kredit resursi berilgan.

Sharof Rashidov tumanida ushbu mablagʻlar hisobiga 30 ming aholi kambagʻallikdan chiqarilgan. Bir kishiga oʻrtacha 78 mln soʻm kredit toʻgʻri kelgan.

Qarshi tumanida esa 13 ming ehtiyojmandning sharoiti yaxshilangan. Bu yerda bir kishiga oʻrtacha 176 mln soʻm kredit toʻgʻri kelgan.

Shunday qilib, bir xil miqdordagi kredit hisobiga Sharof Rashidov tumanida Qarshi tumaniga qaraganda 2,3 baravar koʻp aholi kambagʻallikdan chiqarilgan. Qarshida bir kishiga toʻgʻri kelgan kredit miqdori ham qariyb 2,3 baravar yuqori boʻlgan.

Qamashi va Piskent tumanlariga ham bir xil — 1,1 trln soʻmdan kredit berilgan.

Qamashida ushbu kreditlar hisobiga 28 ming aholi kambagʻallikdan chiqarilgan boʻlsa, Piskentda bu koʻrsatkich atigi 4,5 ming nafarni tashkil etgan.

Hisob-kitoblarga koʻra, Qamashida bir kishiga qariyb 39 mln soʻm, Piskentda esa 244 mln soʻm kredit toʻgʻri keladi. Prezident matbuot xizmati Piskentdagi koʻrsatkichni yaxlitlab 250 mln soʻm deb keltirgan.

Natijada bir xil miqdordagi kredit hisobiga Qamashida Piskentga qaraganda 6,2 baravar koʻp aholi kambagʻallikdan chiqarilgan.

Piskentda bir kishini kambagʻallikdan chiqarishga toʻgʻri kelayotgan 250 mln soʻm evaziga boshqa hududlarda sanoat sohasida yuqori daromadli doimiy ish oʻrni yaratish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Gʻuzor, Nishon, Muborak, Yangiqoʻrgʻon, Toyloq, Boysun, Oltinsoy, Bandixon, Beshariq va Fargʻona tumanlari, shuningdek, Nurafshon, Bekobod hamda Yangiyoʻl shaharlarida ham kreditlardan foydalanish samaradorligi bilan bogʻliq shunday holatlar kuzatilayotgani aytildi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+