Beeline egasi Perfectum aloqa operatorini 207 mln dollarlik bitim doirasida sotib olmoqda
VEON Oʻzbekistondagi Perfectum operatorini toʻliq sotib olishga kelishdi. Qarzlarni ham oʻz ichiga olgan bitim qiymati 207 mln dollarni tashkil etadi. Xarid natijasida Beeline’ning chastota resurslari qariyb 50 foizga kengayib, uning tasarrufiga tayyor 5G tarmogʻi ham oʻtadi.

Bu haqda Beeline Uzbekistan’ga egalik qiluvchi VEON guruhi 19 oktabr kuni maʼlum qildi�.
Bitimning umumiy qiymati qariyb 207 mln dollarni tashkil etadi. Bunga Perfectum’ning VEON zimmasiga oʻtadigan taxminan 93 mln dollarlik moliyaviy qarzi ham kiritilgan. Yaʼni eʼlon qilingan summaning qariyb 45 foizi qarz hissasiga toʻgʻri keladi, qarzdan tashqari qismi esa taxminan 114 mln dollarni tashkil qiladi.
Xarid orqali VEON 850 va 3 800 MGs diapazonlaridagi jami 115 MGs chastota resursi, tarmoq uskunalari hamda infratuzilma aktivlarini oladi. Ular orasida Nokia uskunalari asosida qurilgan, mustaqil arxitekturaga ega 5G tarmogʻi ham bor.
Ushbu resurslardan Beeline’ning 4G/LTE tarmogʻini rivojlantirish, kelgusida 5G xizmatlarini joriy etish hamda uylar va biznes uchun simsiz keng polosali internetni kengaytirishda foydalanish koʻzda tutilgan.
Kompaniya xabariga koʻra, xarid uchun tegishli tartibga soluvchi organlarning ruxsatlari olingan. Pul toʻlovi VEON’ning mavjud mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi. Perfectum brendining keyingi taqdiri, abonentlar va tariflarga oid oʻzgarishlar esa xabarda ochiqlanmagan.









