Banklardagi muammoli kreditlar yil boshidan beri 5,9 trln soʻmga koʻpaydi
Oʻzbekiston banklaridagi muammoli kreditlar hajmi 2026 yil boshidan 32,5 foizga oshib, 23,9 trln soʻmga yetdi. Shu davrda banklarning umumiy kredit portfeli 6,7 foizga oʻsgan. Natijada muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi 3 foizdan 3,7 foizgacha koʻtarildi.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2026 yil 1 avgust holatiga tijorat banklarining jami kredit portfeli 644,6 trln soʻmni, shundan muammoli kreditlar 23,9 trln soʻmni tashkil etdi.
Yil boshida banklar kredit portfeli 604 trln soʻm, muammoli kreditlar esa 18,1 trln soʻm edi. Shu tariqa, yetti oyda kredit portfeli 40,6 trln soʻmga yoki 6,7 foizga kengaygan bir paytda NPL hajmi 5,9 trln soʻmga yoki 32,5 foizga oshgan.
Muammoli kreditlarning asosiy qismi davlat ulushi mavjud banklarga toʻgʻri kelmoqda. Ulardagi NPL hajmi yil boshidagi 12,8 trln soʻmdan 16,8 trln soʻmga yetib, qariyb 4 trln soʻmga oshgan. Bu banklarda muammoli kreditlar ulushi 3,2 foizdan 4 foizgacha koʻtarildi.
Eng katta oʻsish “Mikrokreditbank”da kuzatilgan. Bankning muammoli kreditlari 894 mlrd soʻmdan 2,28 trln soʻmga chiqib, 1,39 trln soʻmga yoki 2,6 baravarga oshgan. NPL ulushi esa 4,4 foizdan 9,9 foizgacha koʻtarilgan.
Mutlaq hisobda “Xalq banki”dagi muammoli kreditlar 503 mlrd soʻmga, “Agrobank”da 486 mlrd soʻmga va “Biznesni rivojlantirish banki”da 422 mlrd soʻmga oshgan.
Xususiy banklar orasida “Anor bank”ning NPL hajmi 479 mlrd soʻmdan 946 mlrd soʻmga — qariyb ikki baravarga oshgan. TBC Bankʼda esa muammoli kreditlar 591 mlrd soʻmdan 1,04 trln soʻmga yetgan.
Ayni paytda muammoli kreditlarning kredit portfelidagi eng yuqori ulushi TBC Bankʼda boʻlib, 13,1 foizni tashkil etmoqda. Keyingi oʻrinlarda “Poytaxt bank” 10,5 foiz, “Mikrokreditbank” 9,9 foiz, “Anor bank” 7,6 foiz va “Garant bank” 7,2 foiz koʻrsatkich bilan turibdi.
Taqqoslash uchun, yil boshida bank tizimi boʻyicha NPL darajasi 3 foizni tashkil etgan. Yetti oy ichida bu koʻrsatkich 0,7 foiz punktga oshgan.









