AVO Bank, BRB va Mikrokreditbank: murojaatlar boʻyicha eng salbiy koʻrsatkichga ega banklar maʼlum qilindi
2026 yilning II choragida banklar faoliyati yuzasidan Markaziy bankka jami 11 331 ta murojaat kelib tushdi.
Mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushini aks ettiruvchi indeksda AVO Bank 4,42 koʻrsatkich bilan birinchi oʻrinni egalladi.
Shuningdek, roʻyxatdan TBC Bank, Anor Bank, InFinBank, Turonbank, Asakabank va boshqalar oʻrin olgan.

Markaziy bank 2026 yilning II choragida oʻziga bevosita hamda boshqa davlat organlari orqali kelib tushgan murojaatlar asosida tijorat banklarining murojaatlar indeksini hisoblab chiqdi.
Indeks bankning jami murojaatlardagi ulushini uning jami bank mijozlari sonidagi ulushiga boʻlish orqali aniqlanadi. Masalan, AVO Bankning 4,42 koʻrsatkichi bankka mijozlar bozoridagi ulushiga nisbatan 4,42 baravar koʻp murojaat toʻgʻri kelganini anglatadi. Bu mijozlarning 4,42 foizi bank ustidan shikoyat qilgan degani emas.
Eng salbiy koʻrsatkichga ega banklar oʻntaligi quyidagicha shakllandi:
- AVO Bank — 4,42;
- Biznesni rivojlantirish banki — 2,78;
- Mikrokreditbank — 2,69;
- TBC Bank — 2,63;
- Anor Bank — 1,84;
- Invest Finans Bank — 1,46;
- Turonbank — 1,46;
- Asakabank — 1,28;
- Ipoteka bank — 1,09;
- Kapitalbank — 1,07.
AVO Bank’ning indeksi ikkinchi oʻrindagi Biznesni rivojlantirish bankinikidan qariyb 1,6 baravar, oʻninchi oʻrindagi Kapitalbanknikidan esa 4,1 baravar yuqori boʻldi.
Markaziy bank qayd etishicha, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqoriligi banklarda mahsulot va xizmatlar shartlarini yetarli tushuntirish, murojaatlarga oʻz vaqtida javob berish hamda takroriy shikoyatlarga sabab boʻlayotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish zarurligini koʻrsatadi.
Regulyator banklarga murojaatlar sabablarini chuqur tahlil qilish, ularni koʻrib chiqish jarayonlarini takomillashtirish, xizmat koʻrsatish sifati va ichki nazoratni kuchaytirishni tavsiya qildi.
Mazkur indeks banklarning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamaydi. Hisobot choragida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar boʻyicha ham indeks hisoblanmagan.









