Avgustda yillik inflyatsiya 6,2 foizgacha pasaydi
Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya avgust oyida 6,2 foizgacha pasaydi. Isteʼmol narxlari bir oyda 0,2 foiz, yil boshidan buyon esa 3,4 foizga oshgan. Taqqoslash uchun, 2025 yil avgustida yillik inflyatsiya 8,8 foizni tashkil etgan edi.

Milliy statistika qoʻmitasi Oʻzbekistondagi avgust oyi inflyatsiyasi boʻyicha maʼlumotlarni eʼlon qildi.
Unga koʻra, isteʼmol narxlari avgustda 0,2 foizga oshdi. Iyul yakunida 6,4 foizni tashkil etgan yillik inflyatsiya 6,2 foizgacha pasaydi. 2025 yil avgustida bu koʻrsatkich 8,8 foiz edi.
Yil boshidan buyon tovar va xizmatlar 3,4 foizga qimmatlashgan. Taqqoslash uchun, oʻtgan yilning yanvar–avgust oylarida narxlar oʻsishi 4,5 foizni tashkil etgandi.
Avgust oyida oziq-ovqat mahsulotlari oʻrtacha 0,4 foiz, nooziq-ovqat tovarlari 0,2 foiz, pullik xizmatlar esa 0,1 foizga qimmatlashdi.
Yillik hisobda oziq-ovqat narxlari 6,2 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari 5,9 foiz va xizmatlar 6,4 foizga oshgan. Xizmatlar inflyatsiyasi bir yil ichida keskin sekinlashdi — 2025 yil avgustida u 16,2 foizni tashkil etgan edi.
Oziq-ovqat mahsulotlari orasida sabzi bir oyda 9,2 foiz, tarvuz 7,5 foiz, piyoz 6,2 foiz va guruch oʻrtacha 2,2 foizga qimmatlashdi. Tuxum narxi 0,8 foiz, un 0,5 foizga oshgan.
Goʻsht narxlaridagi oʻsish ham davom etdi. Avgustda qoʻy goʻshti va suyaksiz mol goʻshti 0,7 foizdan, suyakli mol goʻshti esa 0,4 foizga qimmatlashgan. Yillik hisobda qoʻy goʻshti narxi 20 foiz, suyaksiz mol goʻshti 18,8 foiz va suyakli mol goʻshti 16,2 foizga koʻtarilgan.
Ayni paytda mavsumiy omillar hisobiga uzum 10,9 foiz, bulgʻor qalampiri 9,2 foiz, olma 7,2 foiz, nok 6 foiz, baqlajon 5,5 foiz va kartoshka 3,3 foizga arzonlashdi.
Yoqilgʻi narxlarida esa oʻsish kuzatildi. Benzin avgustda oʻrtacha 1,9 foizga qimmatlashdi. Xususan, AI-92 benzini narxi 1,1 foiz, AI-95 — 4,9 foiz, AI-98 va AI-100 esa 6,7 foizga oshgan.
Propan narxi bir oyda 5,8 foiz, yillik hisobda 41,4 foizga koʻtarildi. Metan narxi avgustda oʻzgarmadi, biroq 2025 yilning mos davriga nisbatan 10,3 foiz yuqori boʻldi.
Shu bilan birga, xalqaro aviaqatnovlar narxi 1,7 foiz, shaharlararo avtomobil transportida yoʻlovchi tashish 0,6 foiz va uy-joy ijarasi 0,4 foizga oshdi. Pul oʻtkazmalari uchun xizmat haqi esa soʻmning dollar va rublga nisbatan mustahkamlanishi hisobiga 1,4 foizga kamaydi.
Avgustdagi umumiy narxlar oʻsishiga eng katta taʼsirni oziq-ovqat va alkogolsiz ichimliklar koʻrsatdi. Ushbu guruh inflyatsiyaga 0,16 foiz punkt, transport esa 0,04 foiz punkt qoʻshdi.









