“Asakabank” Boshqaruv Raisi lavozimiga ochiq tanlov eʼlon qildi
Asakabank strategik transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlari doirasida Boshqaruv Raisi lavozimiga ochiq xalqaro tanlov boshladi.
Yangi rahbar bankni raqamli va operatsion islohotlar orqali samaradorlikni oshirish hamda xususiylashtirish bosqichiga tayyorlash vazifasini bajaradi.
Nomzodlar ingliz va rus tillarini bilish majburiy, oʻzbek tilini bilish esa ustunlik sifatida baholanadi.

Oʻzbekistonning yirik davlat banklaridan biri boʻlmish “Asakabank” strategik transformatsiya va xususiylashtirish jarayoni doirasida Boshqaruv Raisi lavozimiga ochiq tanlov eʼlon qildi. Tanlovda dunyoning turli mamlakatlaridan malakali nomzodlar ishtirok etishi mumkin.
Bank hozirda daromadlilik, operatsion samaradorlik va umumiy natijadorlikni oshirishga qaratilgan keng qamrovli oʻzgarishlar bosqichidan oʻtmoqda. Shu bois yangi rahbar transformatsiya jarayonini boshqarish hamda bankni xususiylashtirishga tayyorlash kabi masʼuliyatli vazifalarni zimmasiga oladi.
Asosiy vazifalar:
- Bankning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish va samarali amalga oshirish
- Yuqori professional boshqaruv jamoasini shakllantirish va rivojlantirish
- Korporativ madaniyatni innovatsionlik va mijozga yoʻnaltirilganlik tamoyillari asosida yangilash
- Raqamli va operatsion transformatsiya jarayonlarini boshqarish
- Xatarlarni boshqarish va ichki nazorat tizimini takomillashtirish
- Davlat organlari, regulyatorlar, aksiyadorlar va investorlar bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish
- Korporativ, kichik va oʻrta biznes hamda chakana segmentlarda oʻlchanadigan moliyaviy natijalarga erishish
Nomzodga qoʻyiladigan talablar:
- Bank yoki moliya sohasida kamida 10 yillik boshqaruv tajribasi, shundan kamida 5 yili C-level darajasidagi (Boshqaruv Raisi, uning oʻrinbosari yoki teng lavozimlarda) rahbarlik tajribasi
- Yirik transformatsion loyihalarni, xususan raqamli transformatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirgan boʻlish
- Xususiylashtirish, qoʻshilish va qoʻshib olish (M&A) yoki moliyaviy tashkilotni fond birjasiga olib chiqish jarayonlarida ishtirok etganlik (ustunlik)
- Rivojlanayotgan bozorlarda ishlash va muammoli aktivlarni qayta tashkil etish boʻyicha amaliy tajriba
- Oʻzbekiston bank sektorini bilish (ustunlik)
- Biznes boshqaruvi, moliya yoki iqtisodiyot yoʻnalishida magistr darajasi (MBA yoki moliya magistri)
- CFA, CPA kabi xalqaro professional sertifikatlar (ustunlik)
- Ingliz va rus tillarini mukammal bilish (majburiy), oʻzbek tili (ustunlik)
- Yuqori axloqiy meʼyorlar, strategik fikrlash, stressga chidamlilik va innovatsion yondashuv
Taklif etiladigan imkoniyatlar
Muvaffaqiyatli nomzodga raqobatbardosh kompensatsiya toʻplami — asosiy ish haqi, ish faoliyatiga bogʻliq bonuslar va kengaytirilgan ijroiya imtiyozlari taklif etiladi. Chet ellik nomzodlar uchun koʻchib oʻtish jarayoni, shu jumladan zarur boʻlganda viza rasmiylashtirilishi ham qoʻllab-quvvatlanadi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston bank sektorida tarixiy transformatsiya va xususiylashtirish jarayonida bevosita ishtirok etish imkoniyati taqdim etiladi.
Ariza topshirish tartibi
Nomzodlar 2026 yil 10 martgacha recruitment@asakabank.uz elektron manzili yoki www.career.asakabank.uz karera portali orqali batafsil rezyume, motivatsion xat va tavsiyalarni yuborishlari lozim. Qoʻshimcha maʼlumot uchun +998 78 147-65-65 (ichki: 12-01) raqamiga murojaat qilish mumkin.









