11 795.000 so‘m

decrease

-18.090

13 698.710 so‘m

increase

21.510

135.800 so‘m

increase

0.190

11 795.000 so‘m

decrease

-18.090

3 soat avval
Iqtisodiyot
69

AQShda Tramp tasvirlangan 1 dollarlik tangalar sotuvga chiqarildi

AQSh zarbxonasi amaldagi prezident Donald Tramp portreti tushirilgan 1 dollarlik tangalarni sotuvga chiqardi. Mamlakat mustaqilligining 250 yilligiga bagʻishlangan tangalar qonuniy toʻlov vositasi hisoblansa-da, kolleksion toʻplamlarda nominalidan qimmatroqqa sotilmoqda. Amaldagi prezidentni pulda tasvirlash qarori AQShda huquqiy bahslarga ham sabab boʻldi.

AQShda Tramp tasvirlangan 1 dollarlik tangalar sotuvga chiqarildi

Tanganing old tomoniga Donald Tramp portreti, “Ozodlik”, “Biz Xudoga ishonamiz” yozuvlari hamda “1776–2026” sanalari tushirilgan. Orqa tomonida esa AQSh prezidentining burgut tasvirlangan muhri va mamlakat mustaqilligining 250 yilligini anglatuvchi “250” raqami joylashtirilgan.

Dizayn AQSh zarbxonasining bosh gravyori Jozef Menna tomonidan Oq uy fotografi Daniel Torok olgan surat asosida yaratilgan. Tangalar Filadelfiya zarbxonasida ishlab chiqarilgan.

Ular 25 donalik oʻram va 100 donalik qoplarda sotilmoqda. 25 dollarlik oʻram narxi 61 dollar, 100 dollarlik qop esa 154,5 dollar etib belgilangan.

Shu tariqa 25 donalik oʻramda bitta tanga xaridorga 2,44 dollarga — nominalidan 144 foiz qimmatroqqa tushadi. 100 donalik toʻplamda esa har bir tanganing narxi qariyb 1,55 dollarni tashkil qiladi.

AQSh zarbxonasi 150 mingta oʻram va 50 mingta qop sotishni rejalashtirgan. Ushbu mahsulotlar orqali jami 8,75 mln dona tanga sotilishi mumkin.

Bundan tashqari, 2026 yil 4 iyulda zarb qilingan 250 mingta tangaga maxsus “July 4th” belgisi qoʻyilgan. Ular oddiy oʻram va qoplar orasiga tasodifiy joylashtirilgan.

Tanga oltin tusda koʻrinsa-da, uning tarkibida oltin mavjud emas. U asosan misdan tayyorlangan boʻlib, tarkibining 6 foizini rux, 3,5 foizini marganets va 2 foizini nikel tashkil etadi. Har bir tanganing ogʻirligi 8,1 gramm, diametri esa 26,49 millimetr.

Tangalar kolleksion toʻplamlarda sotilayotgan boʻlsa ham, rasmiy ravishda qonuniy toʻlov vositasi hisoblanadi. Biroq AQSh zarbxonasi maʼlumotiga koʻra, ular hali odatiy muomalaga kiritilmagan va 2026 yil kuzida muomalaga chiqarilishi rejalashtirilgan.

AQShda tirik insonlarni, ayniqsa amaldagi prezidentlarni pulda tasvirlamaslik uzoq yillik anʼana hisoblanadi. 1866 yilda Kongress tirik shaxslarning portretlarini qogʻoz pullarga tushirishni taqiqlagan.

Prezidentlarga bagʻishlangan 1 dollarlik tangalar dasturida ham shaxsning vafotidan keyin kamida ikki yil oʻtishi talabi mavjud. Biroq Tramp tasvirlangan yangi tanga AQSh mustaqilligining 250 yilligiga bagʻishlangan alohida dastur doirasida chiqarilgan.

Tramp maʼmuriyati 2020 yilda qabul qilingan qonun tanga old tomoniga prezident portretini joylashtirish imkonini berishini bildirmoqda. Mazkur qonunda tirik shaxsni tanganing orqa tomonida tasvirlash taqiqlangan, biroq old tomoni uchun bunday cheklov aniq belgilanmagan.

Tanga chiqarilishini toʻxtatish talabi bilan sudga ham murojaat qilingan. Federal sud arizachining bu qaror tufayli shaxsan zarar koʻrishini isbotlay olmaganini bildirib, talabni rad etgan. Biroq sud tanganing qonuniy yoki noqonuniy ekaniga mazmunan baho bermagan

AQSh tarixida amaldagi prezident tasvirlangan tanga chiqarilishi birinchi holat emas. 1926 yilda mamlakat mustaqilligining 150 yilligiga bagʻishlangan 50 sentlik tangada oʻsha paytdagi prezident Kalvin Kulij va Jorj Vashington birgalikda tasvirlangan edi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+