AQSh Qozogʻistondan import qilinadigan tovarlarga 25 foizlik boj joriy qiladi
AQSh Prezidenti Donald Tramp 1 avgustdan boshlab Qozogʻistondan import qilinadigan tovarlarga 25 foizlik boj joriy etilishini eʼlon qildi.
Ushbu chora AQSh va Qozogʻiston oʻrtasidagi savdo nomutanosibligini bartaraf etish hamda Tramp taʼriflagan “adolatsiz savdo amaliyotlari”ga chek qoʻyish maqsadida qoʻllanilmoqda.
Shuningdek, u Qozogʻiston kompaniyalarini AQShda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga chaqirib, bojxona imtiyozlari va tezkor ruxsat jarayonlarini vaʼda qilmoqda.

2025 yil 1 avgustdan boshlab AQSh Qozogʻistondan olib kiriladigan tovarlarga 25 foizlik bojxona boji joriy etadi. Bu haqda AQSh Prezidenti Donald Tramp oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻidagi rasmiy bayonotida maʼlum qildi.
Trampning soʻzlariga koʻra, Malayziya, Tunis va Qozogʻistondan olib kirilayotgan mahsulotlarga 25 foiz, Janubiy Afrikadan import qilinadigan tovarlarga 30 foiz, Laos va Myanmaga esa 40 foizlik boj joriy etiladi.
Shuningdek, Tramp ushbu qaror doirasida besh davlat yetakchilariga, jumladan, Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayevga rasmiy maktub yoʻllaganini eʼlon qildi.

Mazkur hujjatda AQSh–Qozogʻiston oʻrtasidagi savdo munosabatlarining nomutanosibligi asosiy sabab sifatida koʻrsatilgan. Trampning fikricha, Qozogʻiston tomonidan qoʻllanilayotgan tarif va notarif cheklovlar AQSh iqtisodiy hamda milliy xavfsizlik manfaatlariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda va natijada doimiy savdo taqchilligi yuzaga kelmoqda.
Shu bilan birga, Tramp Qozogʻiston kompaniyalariga AQSh hududida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish taklifini berdi. U bunday holatda bojxona toʻlovlaridan voz kechishga tayyorligini bildirib, barcha ruxsat berish jarayonlari tezkor va byurokratiyasiz boʻlishini vaʼda qildi.

AQSh Prezidenti, shuningdek, agar Qozogʻiston javoban oʻz boj stavkalarini oshirsa, AQSh bunga qoʻshimcha choralar bilan javob qaytarishini taʼkidladi. Trampning taʼkidlashicha, bu chora-tadbirlar uzoq yillardan beri davom etayotgan “adolatsiz savdo amaliyotlari”ni tugatish va ikki tomonlama savdoni yanada muvozanatli, adolatli asosda rivojlantirishga qaratilgan.
Vashington Ostona bilan strategik hamkorlikni davom ettirishga sodiq ekanini bildirgan holda, AQSh tomoni Qozogʻiston kompaniyalarini oʻz bozoriga investitsiya kiritishga taklif etmoqda.