AQSh Grenlandiyani sotib olishi asr kelishuvi boʻlishi mumkin – The Economist
Donald Tramp oʻzining navbatdagi provokatsion bayonotlaridan birida Grenlandiyani AQSh tarkibiga qoʻshish niyatini ochiq-oydin maʼlum qildi. Nashr ehtimoliy kelishuvni AQShning Luiziana va Alyaska xaridlariga qiyoslamoqda.
The Economist nashri Grenlandiya xaridini Amerika tarixidagi Luiziana va Alyaska xaridlariga qiyoslab, tahliliy maqola eʼlon qildi. Unda ehtimoliy kelishuvning iqtisodiy, strategik va siyosiy jihatlari keng yoritilgan.
Amerika tarixida hudud sotib olishga oid qarorlar koʻpincha katta bahs-munozaralarga sabab boʻlgan. 1803 yilda Tomas Jefferson Luiziana hududini sotib olib, mamlakat hududini ikki barobar kengaytirdi. Oradan 64 yil oʻtib, Uilyam Syuard Rossiyadan Alyaskani sotib olganda, bu qaror dastlab tanqidga uchragan boʻlsa-da, hozir katta muvaffaqiyat sifatida baholanadi. Shu kabi yutuqlar ortidan Donald Tramp Grenlandiyani sotib olish taklifini oʻrtaga tashladi, ammo bu safar bahs koʻproq xalqaro munosabatlarga taalluqli.
Trampning Grenlandiyani sotib olish istagi jiddiy muhokamalarni keltirib chiqarmoqda. U 7 yanvar kuni bu masala yuzasidan harbiy kuch yoki iqtisodiy bosim qoʻllash ehtimolini rad etishdan bosh tortdi va Daniyaga yuqori boj tariflari bilan tahdid qildi. Ammo Grenlandiyani ixtiyoriy va doʻstona kelishuv asosida sotib olish haqiqatan ham katta imkoniyatlarga yoʻl ochishi mumkin. Bunday bitim nafaqat Amerika, balki NATO ittifoqchilari xavfsizligini ham oshiradi. Kelishuv, shuningdek, yakuniy qarorni qabul qiladigan Grenlandiya aholisiga ham foyda keltirishini kutish mumkin.
Orol qanchaga sotib olinadi?
Dastlabki yondashuv sifatida Grenlandiyaning yillik yalpi ichki mahsuloti (YaIM) olish mumkin. 2021 yilgi maʼlumotlarga koʻra, bu koʻrsatkich 3 milliard dollarni tashkil etadi. Aholisi 56 ming kishi boʻlsa-da, hududi har qanday Amerika shtatidan kattaroq. Ishchi kuchining 43 foizi davlat sektorida band boʻlib, Daniya har yili 500 million dollar yordam ajratadi. The Economist nashri Grenlandiyaning iqtisodiy qiymatini taxminan 50 milliard dollar atrofida baholadi.
Strategik ahamiyat
Biroq Tramp Grenlandiyani uning hozirgi iqtisodiy quvvati uchun emas, balki strategik va tabiiy boyliklari uchun xohlaydi. Orol Rossiya va Amerika oʻrtasida joylashgan boʻlib, Arktika muzlari erishi bilan navigatsiya va resurslar uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Grenlandiyaning shimoli-gʻarbiy qismida joylashgan Pituffik harbiy bazasi AQSh uchun muhim strategik obʼekt hisoblanadi. Agar Grenlandiya Amerika hududiga aylansa, AQSh Rossiyaning Atlantika okeaniga chiqish yoʻllarini samarali nazorat qilishi mumkin boʻladi.
Asosiy omil – tabiiy resurslar
Grenlandiya tabiiy resurslarga boy hudud hisoblanadi. AQSh hukumati tomonidan muhim deb topilgan 50 mineralning 43 tasi Grenlandiyada mavjud. Bu resurslar harbiy va boshqa texnologiyalar uchun zarur xomashyolardir. Shuningdek, AQSh Geologiya xizmati 2008 yilda Grenlandiya sohillaridagi quduqlar taxminan 52 milliard barrel neft zaxirasiga ega ekanligini aytib oʻtgan. Orol resurslarining hali toʻliq oʻzlashtirilmaganligi hududning qattiq sovuq iqlimi va joylashuvi bilan bogʻliq. Orolning 3/4 qismi muz bilan qoplangan va yashash punktlarini bogʻlovchi yoʻllar mavjud emas. 2021 yilda hukumat neft qazib olishni taqiqlaganiga qaramasdan iqlim isishi bilan minerallarni qazib olish imkoniyati oshmoqda va ularning qiymati ortib bormoqda.
Grenlandiyani kimdan sotib olishadi?
2009 yilda Daniya Grenlandiyaga oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini deyarli toʻliq berdi. Agar orol aholisi referendum orqali buni istasa, mustaqillik eʼlon qilishlari mumkin. Bugungi kunda Grenlandiyaning millatchi hukumatida bu huquqdan foydalanish istagi kuchli. Shu bilan birga, Daniya ularga oʻz tabiiy boyliklarini boshqarish huquqini ham bergan. Shuning uchun Grenlandiyani sotib olish masalasi Daniya orqali emas, balki orol aholisi bilan kelishuv natijasida hal boʻladi. Aks holda, bu haqiqiy mustamlakachilik boʻladi.
Agar Amerika Grenlandiyaning kelajakdagi soliq tushumlarini asos qilib olgan oddiy moliyaviy taklif bilan chiqsa, bu har bir aholiga oʻrtacha 1 million dollardan tushadi. Ammo hududning ulkan tabiiy boyliklari va strategik ahamiyatini inobatga olsak, Amerika har bir grenlandiyalikni multimillionerga aylantirishi va shunda ham ulkan foyda olishi mumkin.
Grenlandiyani sotib olish haqidagi taklif oson amalga oshadigan kelishuv emas. Ammo bunday bitim amalga oshsa, u AQShning iqtisodiy, strategik va harbiy qudratini yanada kuchaytiradi.