11 847.160 so‘m

increase

52.280

13 843.410 so‘m

increase

157.810

141.440 so‘m

increase

2.770

11 847.160 so‘m

increase

52.280

25 daqiqa avval
Iqtisodiyot
46

AQSh davlat qarzi tarixda ilk bor 40 trln dollardan oshdi

AQShning jami federal qarzi 18 avgust kuni 40,05 trln dollarga yetib, tarixiy chegaradan oʻtdi. Mamlakat qarzi 39 trln dollardan 40 trln dollarga chiqishi uchun atigi besh oy vaqt kerak boʻldi.

AQSh davlat qarzi tarixda ilk bor 40 trln dollardan oshdi

AQSh Gʻaznachiligi maʼlumotlariga koʻra, 18 avgust yakunida federal qarzning aniq miqdori 40 trln 47,4 mlrd dollarni tashkil etgan.

Shundan 32,27 trln dollari yoki 80,6 foizi investorlar, banklar, Federal rezerv va xorijiy davlatlar qoʻlidagi qarz hisoblanadi. Qolgan 7,78 trln dollar esa hukumatning oʻz jamgʻarmalari va federal idoralar oldidagi ichki majburiyatlaridir.

AQSh qarzi 39 trln dollarlik chegaraga 2026 yil martida yetgan edi. Besh oydan kamroq vaqt ichida qarzga yana 1 trln dollar qoʻshilgan. Bu davrda qarz kuniga oʻrtacha qariyb 6,5 mlrd dollarga oshgan.

Taqqoslash uchun, AQShga davlat qarzini dastlabki 1 trln dollarga yetkazish uchun qariyb 200 yil kerak boʻlgan — bu koʻrsatkich 1981 yilda qayd etilgan. Soʻnggi oʻn yil ichida esa mamlakatning jami qarzi ikki baravar koʻpaydi, deb qayd etadi Masʼuliyatli federal byudjet qoʻmitasi.

Qarz nega tez oʻsmoqda?

Asosiy sabab federal byudjet xarajatlari daromadlardan muntazam ravishda yuqori boʻlib qolayotganidir. 2026 moliya yilining dastlabki oʻn oyida AQSh byudjeti taqchilligi 1,8 trln dollarga yetdi.

Ijtimoiy taʼminot, Medicare tibbiy sugʻurta dasturi, mudofaa xarajatlari va davlat qarziga xizmat koʻrsatish byudjetning eng yirik yoʻnalishlari boʻlib qolmoqda. Ayniqsa, foiz stavkalari oshishi avvalgi qarzlarni qayta moliyalashtirishni qimmatlashtiryapti.

Hozir qarz boʻyicha foiz toʻlovlari Medicare xarajatlaridan ham oshib, Social Security dasturidan keyingi ikkinchi yirik federal xarajatga aylangan, deb yozmoqda Reuters.

Biroq jami 40 trln dollarlik koʻrsatkichning barchasi moliya bozoridan olingan qarz emas. Iqtisodchilar odatda hukumatning oʻz idoralari oldidagi majburiyatlarini chiqarib tashlab, jamoatchilik qoʻlidagi 32,3 trln dollarlik qarzga koʻproq eʼtibor qaratadi.

Kongress byudjet boshqarmasi hisob-kitobiga koʻra, jamoatchilik qoʻlidagi federal qarz 2026 yilda AQSh yalpi ichki mahsulotining 101 foiziga teng boʻladi. Amaldagi soliq va xarajat siyosati saqlanib qolsa, bu koʻrsatkich 2036 yilga borib 120 foizga yetishi mumkin.

Qarzning oʻsishi AQSh hukumatining foiz xarajatlarini koʻpaytirib, infratuzilma, ijtimoiy dasturlar va boshqa yoʻnalishlarga mablagʻ ajratish imkoniyatini qisqartiradi. Bundan tashqari, davlatning qarzga boʻlgan talabi yuqori stavkalarni uzoqroq saqlab, biznes va aholi uchun kreditlarni ham qimmatlashtirishi mumkin.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+