Apple Siri’ning AI asosidagi yangi versiyasi uchun Google’ning Gemini modelini tanladi
Apple joriy yil taqdim etiladigan AI asosidagi Siri uchun OpenAI emas, balki Google’ning Gemini modelini tanladi. Kelishuv Apple’ga sunʼiy intellekt imkoniyatlarini tezroq joriy etish va iPhone savdosini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Apple Siri ovozli yordamchisining yangilangan versiyasini Google’ning Gemini sunʼiy intellekt modeli asosida ishga tushirmoqchi. Ikki kompaniya bu borada koʻp yillik hamkorlik kelishuvini imzolaganini maʼlum qildi. Yangilangan Siri joriy yil oxirida taqdim etilishi kutilmoqda.
Appleʼning taʼkidlashicha, Gemini modeli Siri’ni yanada aqlli va funksional qilish uchun eng mos texnologik asos deb topilgan. Kelishuv doirasida Apple Google’ning AI modeli va bulutli hisoblash infratuzilmasidan foydalanadi.
“Sinchkovlik bilan baholashdan soʻng, Apple Google’ning sunʼiy intellekt texnologiyasi Apple Foundation Models uchun eng salohiyatli asos ekanini aniqladi va u Apple foydalanuvchilari uchun ochib beradigan yangi innovatsion imkoniyatlardan mamnun,” — deyiladi Apple va Google qoʻshma bayonotida.
Bu qaror Appleʼga sunʼiy intellektga asoslangan Siri’ni tezroq ishga tushirish imkonini beradi. Avvalroq 2024 yilda eʼlon qilingan ushbu loyiha kechiktirilgan va bu Apple’ning AI sohasida raqobatchilardan ortda qolayotgani haqidagi muhokamalarga sabab boʻlgan edi.
Bozor ishtirokchilari bu kelishuvni Apple uchun ijobiy qadam sifatida baholamoqda. Kompaniya yangilangan Siri va boshqa AI imkoniyatlari orqali iPhone savdosini jonlantirishni maqsad qilgan. Soʻnggi yillarda iPhone sotuvida barqaror oʻsish kuzatilmagan edi.
Mazkur bitim Google uchun ham katta yutuq hisoblanadi. Gemini Appleʼning kelajakdagi AI strategiyasida markaziy rol oʻynashi kutilmoqda. Avval Apple ayrim funksiyalar uchun OpenAIʼning ChatGPT texnologiyasidan foydalangan, biroq yangi kelishuv Geminiʼni asosiy yechimga aylantiradi. ChatGPT integratsiyasi saqlanib qoladimi yoki yoʻq — hozircha aniq emas.
Kelishuvning moliyaviy tafsilotlari ochiqlanmadi. Biroq Bloomberg avvalroq Apple Gemini’ni Siri’ga integratsiya qilish uchun yiliga taxminan 1 milliard dollar toʻlashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.
Apple maʼlumotlariga koʻra, Apple Intelligence deb nomlangan AI funksiyalar foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini himoyalash maqsadida qurilmaning oʻzida yoki maxsus himoyalangan bulutda ishlashda davom etadi.









