Apple 2027 yilda oltita yangi iPhone va ikkita AI-qurilma taqdim etishi mumkin
Apple 2027 yilda iPhone 18, iPhone Air 2, iPhone 20 Pro seriyasi, ikkinchi avlod buklanuvchi smartfon, kamerali AirPods va aqlli koʻzoynaklarni taqdim etishi mumkin. Insayderlar kelgusi yil kompaniya tarixidagi eng yirik mahsulot taqdimotlari davriga aylanishini taxmin qilmoqda.

Apple 2027 yilda kamida oltita yangi iPhone hamda sunʼiy intellekt imkoniyatlariga ega ikkita taqiladigan qurilmani bozorga chiqarishni rejalashtirayotgani aytilmoqda.
Bloomberg jurnalisti Mark Gurman maʼlumotlariga koʻra, kompaniya mahsulotlarni yil davomida ikki bosqichda taqdim etishi mumkin. Standart va nisbatan arzon iPhone modellari bahorda, qimmatroq va ilgʻor qurilmalar esa kuzda chiqarilishi kutilmoqda.
iPhone 18 va iPhone 18e
Standart iPhone 18 taxminan 2027 yil mart oyida taqdim etilishi mumkin. Bu Apple’ning asosiy iPhone modellarini sentabr oyida chiqarish anʼanasidan chekinishini anglatadi.
Qurilma A20 protsessori, 12 GB tezkor xotira, kichraytirilgan Dynamic Island va 24 megapikselli old kamera bilan jihozlanishi mumkin.
iPhone 18e ham shu davrda chiqarilishi kutilmoqda. U seriyadagi eng arzon model boʻlib, A20 protsessori va 8 GB tezkor xotiraga ega boʻlishi mumkin.
iPhone Air 2
Apple yupqa korpusli iPhone Air modelining ikkinchi avlodini ham tayyorlayotgani aytilmoqda.
Yangi modelga ikkinchi orqa kamera qoʻshilishi va batareya ishlash muddati yaxshilanishi mumkin. Shu orqali kompaniya birinchi avlod qurilmasining asosiy kamchiliklarini bartaraf etishga urinishi kutilmoqda.
iPhone Air 2 ham 2027 yil bahorida taqdim etilishi mumkin.
iPhone 20 Pro seriyasi
Apple iPhone’ning 20 yilligini nishonlash uchun 2027 yilda “iPhone 19” nomidan voz kechib, yangi flagmanlarini iPhone 20 Pro va iPhone 20 Pro Max deb atashi mumkin.
Ushbu modellarda deyarli butun old panelni egallovchi ekran, yon tomonlarga egilgan shisha, korpus ostiga joylashtirilgan kamera va jismoniy harakatlanuvchi qismlarga ega boʻlmagan tugmalar paydo boʻlishi mumkin.
iPhone 20 Pro seriyasining 2027 yil sentabr oyida chiqarilishi taxmin qilinmoqda.
Ikkinchi avlod buklanuvchi iPhone
2026 yilda Apple’ning ilk buklanuvchi smartfoni chiqarilishi kutilayotgan boʻlsa, kompaniya 2027 yilda uning ikkinchi avlodini ham taqdim etishi mumkin.
Shartli ravishda iPhone Ultra 2 deb atalgan qurilmada kuchliroq protsessor, yaxshilangan kameralar, yupqaroq korpus va buklanuvchi ekran uchun optimallashtirilgan dasturiy imkoniyatlar boʻlishi taxmin qilinmoqda.
Biroq birinchi avlod buklanuvchi iPhone hali taqdim etilmagani sababli uning davomchisi haqidagi maʼlumotlar hozircha cheklangan.
Kamerali AirPods
Apple 2027 yil oxirida kameralarga ega yangi AirPods modelini ham chiqarishi mumkin.
Quloqchinlarning oyoqchasiga oʻrnatilgan kameralar suratga olish uchun emas, balki Siri’ga foydalanuvchining atrofini “koʻrish” imkonini berish uchun ishlatilishi kutilmoqda.
Masalan, foydalanuvchi koʻrib turgan buyum, bino yoki boshqa obʼekt haqida Siri’dan maʼlumot soʻrashi mumkin boʻladi. Kameralar orqali olingan vizual maʼlumot sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilinadi.
Qurilmada maʼlumot bulutga uzatilayotganini atrofdagilarga koʻrsatadigan maxsus yorugʻlik indikatori ham boʻlishi mumkin.
Apple aqlli koʻzoynaklari
Kompaniya 2027 yil oxirida oʻzining ilk aqlli koʻzoynaklarini ham taqdim etishi mumkin.
Koʻzoynak kameralar yordamida surat va video olish, Siri orqali atrofdagi obʼektlar haqida maʼlumot berish, musiqa tinglash, telefon qoʻngʻiroqlariga javob berish kabi imkoniyatlarga ega boʻlishi taxmin qilinmoqda.
Mazkur qurilma Apple’ning Meta va boshqa kompaniyalarning sunʼiy intellektga asoslangan aqlli koʻzoynaklariga javobi boʻlishi mumkin.
Bundan tashqari, 2027 yilda yangi Apple Watch, iPad va Mac modellari, shuningdek, harakatlanuvchi robot qoʻliga ega aqlli displey ham chiqarilishi ehtimoli bor.
Shunga qaramay, barcha qurilmalar, ularning nomlari, xususiyatlari va taqdimot muddatlari hozircha mish-mishlarga asoslangan. Apple bu rejalarni rasman tasdiqlamagan va mahsulotlar taqdimotgacha oʻzgarishi yoki kechiktirilishi mumkin.









