12 195.500 so‘m

increase

15.630

14 049.220 so‘m

decrease

-30.710

149.710 so‘m

increase

1.190

12 195.500 so‘m

increase

15.630

6 soat avval
Bank
31

Angliya huquqi, xalqaro sud va 2076 yilgacha soliq imtiyozlari: Toshkentda yangi moliya markazi qanday ishlaydi?

Prezident 30 mart kuni Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi.

Markaz hududida Angliya va Uels huquqi qoʻllanadi hamda ikki instansiyali xalqaro tijorat sudi faoliyat yuritadi.

Investorlar va kompaniyalar uchun 2076 yilgacha soliq imtiyozlari, kapitalni cheklovlarsiz olib chiqish imkoniyati hamda moliya, bank, fintex va kriptoaktivlar sohasida ishlash uchun maxsus huquqiy rejim joriy etiladi.

Angliya huquqi, xalqaro sud va 2076 yilgacha soliq imtiyozlari: Toshkentda yangi moliya markazi qanday ishlaydi?
Foto: AI/Pinkod.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 mart kuni Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi.

Hujjatga koʻra, Toshkent xalqaro moliya markazi (TXMM) tashkil etiladi hamda uning tarkibida Toshkent xalqaro tijorat sudi faoliyat yuritadi.

Markaz Tashkent City majmuasi hududida — Islom Karimov prospekti, Yangi Toshkent yoʻli va Oʻqchi koʻchasi oraligʻida joylashadi. Bu yerda Hilton Tashkent City, Xalqaro kongress markazi, NestOne majmuasi hamda Lukoil ofisi joylashgan.

TXMM hududidagi binolar markaz boshqaruv organlariga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida ijaraga beriladi. Boshqaruv organlari esa ularni markaz ishtirokchilariga subijara asosida taqdim etadi.

Markaz hududida moliyaviy, investitsiya va bank faoliyati, sugʻurta, raqamli aktivlar, qimmatli qogʻozlar, toʻlov tizimlari, islomiy va yashil moliya hamda moliyaviy texnologiyalar bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatish va tranzaksiyalarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, auditorlik, konsalting va yuridik xizmatlar koʻrsatish, shuningdek konstitutsiyaviy qonunga muvofiq boshqa faoliyat turlarini ham amalga oshirish mumkin boʻladi.

Markaz hududida konstitutsiyaviy qonun bilan belgilanadigan maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Markazning boshqaruv organlariga fuqarolik, korporativ, tijorat, moliya, bank, soliq, davlat xaridlari, mehnat huquqi hamda shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish sohalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish vakolati beriladi.

Shuningdek, Markaz hududida Angliya va Uels umumiy huquqi hamda adolat tamoyillari toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllaniladi.

Toshkent xalqaro tijorat sudi birinchi instansiya va apellyatsiya sudidan iborat boʻladi.

Farmon bilan yangi tuzilma zimmasiga yuklatilgan vazifalar roʻyxati, TXMM ishtirokchilarining huquqlari va ularga beriladigan imtiyozlar tasdiqlandi. Hujjatda qator tashkiliy masalalar ham belgilangan.

Markaz asosiy faoliyati

TXMM faoliyati toʻrtta asosiy yoʻnalishni qamrab oladi:

  • investitsiyalarni jalb etish
  • kapital bozorini rivojlantirish
  • moliya xizmatlari sohasini kengaytirish
  • innovatsiyalar va professional xizmatlar ekotizimini yaratish

Investitsiya yoʻnalishida qulay, shaffof va raqobatbardosh huquqiy hamda institutsional muhit yaratish, shuningdek korxonalarning zamonaviy moliya xizmatlari bozoriga kirishini soddalashtirish koʻzda tutilgan.

Kapital bozori yoʻnalishida uni jahon moliya maydonchalari bilan integratsiya qilish, qimmatli qogʻozlar savdosi va bozorning boshqa segmentlarini tezkor rivojlantirish koʻzda tutilgan.

Moliyaviy xizmatlar yoʻnalishida bank va sugʻurta xizmatlari, islom moliyasi, fintex, elektron tijorat, shuningdek raqamli va kriptoaktivlar bozorini rivojlantirish belgilangan.

Shuningdek, moliyaviy, auditorlik, konsalting va yuridik xizmatlar sohasida zamonaviy ekotizim yaratish, tartibga solish va nazorat tizimlariga eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni joriy etish hamda xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish vazifasi qoʻyilgan.

Asosiy huquqlar

TXMM ishtirokchilari chet el fuqarolarini ishga qabul qilish uchun alohida mehnat ruxsatnomasini olmasdan ishlatishlari mumkin.

Shuningdek, ularga pul majburiyatlarini (hisob-kitoblar, ish haqi toʻlash va boshqalar) shartnomaga muvofiq xorijiy valyuta yoki kriptoaktivlarda bajarishga ruxsat beriladi.

Markaz xodimlari, ishtirokchilari va ularning oila aʼzolariga 5 yilgacha amal qiluvchi maxsus tartibdagi vizalar beriladi.

Bundan tashqari, markaz ishtirokchilari kapital yoki daromadni cheklovlarsiz repatriatsiya qilish huquqiga ega boʻladi. Soliq munosabatlari esa TXMM ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Soliq imtiyozlari (2076 yil 1 yanvargacha)

TXMM hududida quyidagi soliq imtiyozlari amal qiladi:

  • markaz hududida koʻrsatilgan xizmatlardan olingan daromadlar (kripto-birjalardan tashqari) foyda soligʻi va ijtimoiy soliqdan ozod qilinadi;
  • markaz boshqaruv organlari foydalanayotgan obʼektlar yer soligʻi va mol-mulk soligʻidan ozod qilinadi;
  • markaz ichida foydalanish uchun import qilinadigan tovarlardan bojxona bojlari undirilmaydi.

Markazda ishlayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning ish haqi jismoniy shaxslar daromad soligʻidan ozod qilinadi. Oʻzbekiston rezidentlari uchun esa 7 foizlik stavka qoʻllanadi.

TXMM ishtirokchisi boʻlgan kompaniyalardagi ulushlarni sotishdan olingan daromadlar ham soliqlardan ozod etiladi. 

Markazning tashkiliy boshqaruvi

TXMM faoliyatini prezident boshchiligidagi kengash boshqaradi.

Kengash tarkibiga quyidagi amaldorlar kiradi:

  • Jamshid Qoʻchqorov — Bosh vazir oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri
  • Jamshid Xodjayev — Bosh vazir oʻrinbosari
  • Sherzod Ozodzoda — Prezident administratsiyasi rahbarining tadbirkorlik loyihalari boʻyicha oʻrinbosari
  • Laziz Kudratov — investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri
  • Akbar Toshqulov — adliya vaziri
  • Timur Ishmetov — Markaziy bank raisi
  • Dmitriy Li — Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori

Shuningdek, kengash tarkibiga TXMM boshqaruvchisi, moliyaviy xizmatlar boshqarmasi boshligʻi hamda huquq sohasidagi mustaqil ekspert kiradi.

Bundan tashqari, xalqaro moliya markazlari, kapital bozorlari va bank sohasi boʻyicha uch nafar mustaqil xalqaro ekspert ham tayinlanadi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+