“Aloqabank” ilk bor London fond birjasida 300 mln dollarlik yevroobligatsiyalarni joylashtirdi
Yillik kupon stavkasi 7,7 foiz, amal qilish muddati esa 5 yil boʻlgan mazkur obligatsiyalarga talab taklif hajmidan qariyb 4 barobar yuqori boʻldi.
Rasmiy kurs boʻyicha qariyb 3,6 trillion soʻmga teng ushbu mablagʻ bank aktivlarining taxminan 10,5 foizi, kredit portfelining esa 17,4 foiziga teng boʻlib, “Aloqabank” uchun sezilarli tashqi moliyalashtirish manbasi hisoblanadi.
Ilk joylashtiruv va uning ahamiyati haqida batafsil:

“Aloqabank” xalqaro kapital bozoriga ilk bor mustaqil qarz instrumenti bilan chiqib, 300 million AQSh dollari miqdoridagi yevroobligatsiyalarni joylashtirdi.
Bank tomonidan chiqarilgan 5 yillik obligatsiyalar London fond birjasida roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlib, ularning kupon stavkasi yillik 7,7 foizni tashkil etdi.
Mazkur bitim 2026 yilda Oʻzbekistondan AQSh dollarida amalga oshirilgan ilk xalqaro obligatsiya joylashtiruvlaridan biri boʻldi. Obligatsiyalar 2031 yilgacha amal qiladi.
Bank maʼlumotlariga koʻra, joylashtirish xalqaro investorlar tomonidan yuqori qiziqish bilan kutib olingan. Buyurtmalar kitobi 1 milliard dollardan oshib, taklif hajmidan qariyb toʻrt barobar koʻp talab shakllangan. Bitim tashkilotchilari sifatida Citigroup, Mashreqbank, First Abu Dhabi Bank va Abu Dhabi Commercial Bank kabi yirik xalqaro moliya institutlari ishtirok etgan.
Yevroobligatsiya — bu emitent tomonidan xalqaro bozorda xorijiy investorlar uchun chiqariladigan qarz majburiyatidir. Bunday instrument orqali bank maʼlum muddatga mablagʻ jalb qiladi va investorlariga belgilangan kupon daromadini toʻlab boradi.
“Aloqabank” uchun ushbu joylashtirish ichki depozitlar va mahalliy qarz bozoriga qaramlikni kamaytirish, uzoq muddatli xorijiy moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.
“Aloqabank”ning moliyaviy koʻrsatkichlari
Fitch Ratings agentligi “Aloqabank”ning 300 million dollarlik debyut yevroobligatsiyalariga yakuniy “BB” hamda “B(xgs)” reytinglarini bergan. Bu baho bankning xalqaro investorlar oldidagi qarz majburiyatlari boʻyicha toʻlov qobiliyati mavjudligini, biroq risklar toʻliq past emasligini anglatadi.
Agentlik bahosida “Aloqabank”ning davlat bilan bogʻliqligi muhim omil sifatida koʻrsatilgan. Fitch bank reytingini belgilashda davlat ulushining yuqoriligi, avvalgi davrlarda bankka koʻrsatilgan kapital va moliyaviy yordam tajribasi hamda bankning davlat dasturlaridagi roli, jumladan, yoshlar tadbirkorligini kreditlashdagi ishtirokini inobatga olgan.
Markaziy bankning 2026 yil 1 aprel holatidagi maʼlumotlariga koʻra, “Aloqabank” aktivlari 34,25 trillion soʻmni tashkil etmoqda. Oʻzbekistonda hozirda 34 ta bank faoliyat yuritayotgan boʻlsa, ularning faqat 9 tasida aktivlar hajmi “Aloqabank”nikidan yuqori.
Shuningdek, bankning kredit portfeli 20,7 trillion soʻmni, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bankka joylashtirilgan jami depozitlar esa qariyb 16 trillion soʻmni tashkil etadi.
Bu “Aloqabank” uchun nima beradi?
Xalqaro yevroobligatsiyalarni joylashtirish “Aloqabank” uchun, avvalo, uzoq muddatli va yirik moliyalashtirish manbasini ochadi. 300 million dollarlik yevroobligatsiya hajmi bank uchun sezilarli moliyaviy resurs hisoblanadi.
Rasmiy kurs — 11 979,64 soʻm boʻyicha hisoblaganda, ushbu mablagʻ qariyb 3,59 trillion soʻmga teng. Bu “Aloqabank”ning 34,25 trillion soʻmlik aktivlarining taxminan 10,5 foizini tashkil etadi. Yaʼni xalqaro joylashtirish bank balansiga sezilarli taʼsir koʻrsatadigan darajadagi yirik tashqi moliyalashtirish manbasi hisoblanadi.
Taqqoslash uchun, jalb qilingan mablagʻ bankning 20,7 trillion soʻmlik kredit portfelining qariyb 17,4 foiziga teng.
Ushbu mablagʻlar bankka kreditlash hajmini oshirish, yirik investitsion loyihalarni moliyalashtirish, mijozlar uchun xorijiy valyutadagi uzoq muddatli resurslar taklifini kengaytirish va resurs bazasini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.
Bu Oʻzbekistonga nima beradi?
“Aloqabank”ning yevroobligatsiya joylashtiruvi Oʻzbekiston uchun ham nufuz jihatidan, ham amaliy ahamiyatga ega. Birinchidan, bu xalqaro investorlarning Oʻzbekiston bank sektoriga qiziqishi saqlanib qolayotganini koʻrsatadi. Bank maʼlumotlariga koʻra, obligatsiyalarga talab 1 milliard dollardan oshgan, yaʼni taklif hajmidan qariyb toʻrt barobar yuqori boʻlgan.
Ikkinchidan, bunday joylashtirishlar Oʻzbekiston banklari uchun xalqaro bozorda yangi benchmark yaratadi. Kelgusida boshqa banklar yoki yirik kompaniyalar xalqaro obligatsiya chiqarishni rejalashtirsa, investorlar “Aloqabank” bitimi shartlari, talab darajasi va kupon stavkasini taqqoslovchi mezon sifatida koʻrishi mumkin.
Uchinchidan, xalqaro kapital bozoriga chiqish Oʻzbekiston iqtisodiyotiga xorijiy valyutadagi uzoq muddatli resurslarni jalb qilish imkonini beradi. Bunday mablagʻlar bank tizimi orqali biznes loyihalarini moliyalashtirish, investitsion faollikni qoʻllab-quvvatlash va mamlakat moliya tizimining xalqaro investorlar bilan integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin.









