Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqiga qarshi Germaniya sudida muhim gʻalabaga erishdi — Die Welt
Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqidan oʻzi haqidagi asossiz maʼlumotlarni tarqatishni toʻxtatishni talab qilib sudga murojaat qilgan. Ammo Germaniyaning ayrim davlat idoralari qariyb uch yil davomida daʼvoni Yevropa Ittifoqi Kengashiga rasman yetkazishga toʻsqinlik qilgan. Germaniya Federal oliy sudi bu harakatlarni noqonuniy deb topib, Usmonovning sud orqali himoyalanish huquqi buzilganini qayd etdi.

Germaniyaning nufuzli Die Welt nashri Alisher Usmonovning Yevropa Ittifoqiga qarshi sud jarayonida erishgan muhim huquqiy gʻalabasi haqida maqola eʼlon qildi.
Nashrning yozishicha, Yevropa Ittifoqi 2022 yilda Usmonovga nisbatan sanksiyalar joriy etishda ayrim tasdiqlanmagan maʼlumotlarga tayangan. Jumladan, u Vladimir Putinning ishonchli vakili sifatida koʻrsatilgan. Biroq Germaniya sudida ushbu daʼvolarning asosli ekani isbotlanmagan.
Usmonov Yevropa Ittifoqidan oʻzi haqidagi asossiz maʼlumotlarni tarqatishni toʻxtatishni talab qilib sudga murojaat qilgan. Ammo Die Welt maʼlumotiga koʻra, Germaniyaning ayrim davlat idoralari qariyb uch yil davomida daʼvoning Yevropa Ittifoqi Kengashiga rasman yetkazilishiga toʻsqinlik qilgan.
2026 yil 21 oktabrda Germaniya Federal oliy sudi bunday harakatlarni noqonuniy deb topib, Usmonovning sud orqali himoyalanish huquqi buzilganini qayd etdi.
Qayd etilishicha, Usmonov 22 sentabrda Yevropa Ittifoqining sanksiyalar roʻyxatidan chiqarilgan boʻlsa-da, unga nisbatan bildirilgan ayrim ayblovlar hanuz rasmiy saytlarda saqlanib qolmoqda.
Die Welt muallifining fikricha, mazkur qaror Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgan minglab shaxslar uchun muhim huquqiy pretsedent boʻlishi mumkin. Endi ular ham oʻzlariga nisbatan tarqatilgan asossiz ayblovlarni milliy sudlarda bahslashish imkoniyatiga ega boʻlishi mumkin.
Shu bilan birga, sud hozircha sanksiyalarning qonuniyligi yoki ayblovlarning mazmuni boʻyicha yakuniy qaror chiqarmagan. Qaror daʼvoni koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilgan harakatlarga taalluqli.









