12 122.070 so‘m

increase

48.780

14 187.670 so‘m

increase

29.320

156.390 so‘m

increase

1.230

12 122.070 so‘m

increase

48.780

14 soat avval
Texnologiya
47

5 ming startap, $2 mlrd investitsiya: Oʻzbekiston startap bozorining 2030 yilgacha boʻlgan rejasi qanday?

Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston startap ekotizimi dunyoda oʻsish surʼatlari boʻyicha ikkinchi oʻrinni egallagan. Hozirda mamlakatda 750 dan ortiq startap va 15 ta venchur fond faoliyat yuritmoqda. 2030 yilga qadar 5 ming startap va 2 milliard dollarlik venchur investitsiyalarni shakllantirish maqsad qilingan.

5 ming startap, $2 mlrd investitsiya: Oʻzbekiston startap bozorining 2030 yilgacha boʻlgan rejasi qanday?
Foto: AI/Pinkod.uz

20 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalar sohasida erishilgan natijalar hamda 2026 yilga moʻljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Startap va venchur ekotizimini rivojlantirish

Xorijiy ekspertlar tadqiqotlariga koʻra, 2024–2025 yillarda Oʻzbekistonning startap va venchur ekotizimining umumiy qiymati 3,9 milliard AQSh dollariga yetgan. Hozirda mamlakatda 750 tadan ortiq mahalliy startap faoliyat yuritmoqda.

Bugungi kunda 15 ta venchur fond mavjud boʻlib, venchur kapital hajmi 180 million AQSh dollaridan oshgan. Oʻzbekiston startap ekotizimi oʻsish surʼatlari boʻyicha dunyoda ikkinchi, Markaziy Osiyoda esa yetakchi davlat sifatida eʼtirof etilmoqda.

Taqdimotda 2030 yilga qadar startaplar sonini 5 mingtagacha yetkazish, xorijiy bozorlarga chiqqan startaplar sonini 200 taga oshirish hamda venchur investitsiyalar hajmini 2 milliard AQSh dollariga yetkazish rejalari belgilandi.

Xalqaro tajriba asosida startaplarni qoʻllab-quvvatlashning toʻrt bosqichli tizimi joriy etilmoqda. Gʻoya yaratish, mahsulot ishlab chiqish, loyihani ishga tushirish va kengaytirish bosqichlarida grantlar, soliq imtiyozlari, qoʻshma moliyalashtirish mexanizmlari hamda eksport xarajatlarini qoplash choralarini koʻrish nazarda tutilgan.

Sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish

Taqdimot davomida sunʼiy intellekt infratuzilmasini shakllantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi. Hozirda zamonaviy kichik superkompyuter ishga tushirilgan, yirik superkompyuterni xarid qilish va joriy etish ishlari esa faol bosqichda davom etmoqda.

Loyiha doirasida 15 ta oliy taʼlim muassasasida sunʼiy intellekt laboratoriyalari tashkil etilishi, mutaxassislar salohiyatini oshirish, shuningdek mahalliy sunʼiy intellekt yechimlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, hududlarda zamonaviy maʼlumotlar markazlari tarmogʻini kengaytirish, maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlashning xavfsizligi hamda uzluksizligini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.

Elektron davlat xizmatlarini rivojlantirish

Yigʻilishda elektron davlat xizmatlarini rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Jumladan, raqamli davlat xizmatlari sonini 900 taga yetkazish, MyGov.uz mobil ilovasining funksional imkoniyatlarini kengaytirish hamda 50 dan ortiq xizmatga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Aholining yagona reyestrini yaratish, biznesni ochish, yakka tartibdagi tadbirkorlar xodimlarini hisobga olish, bank plastik kartalarini rasmiylashtirish, SIM-karta, sugʻurta va reklama xizmatlarini olish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, 2026 yilda 5G texnologiyalarini joriy etishni kengaytirish, aholi punktlarini yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olishni oshirish hamda sunʼiy yoʻldosh aloqasidan kengroq foydalanish rejalashtirilmoqda.

Prezident raqamli texnologiyalar iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish, davlat boshqaruvi samaradorligini kuchaytirish va aholining hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilishini taʼkidladi hamda belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berdi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+