12 025.330 so‘m

decrease

-31.990

14 162.230 so‘m

decrease

-30.440

155.250 so‘m

increase

0.090

12 025.330 so‘m

decrease

-31.990

10 soat avval
Bozor
77

2026 yilda oltin narxi bilan nimalar sodir boʻladi — Prognoz

Pinkod yetakchi moliyaviy institutlar prognozlariga tayanib, 2026 yilda oltin narxi qanday shakllanishini tahlil qildi.

2026 yilda oltin narxi bilan nimalar sodir boʻladi — Prognoz
Foto: AI/Pinkod.uz

2025 yil oltin bozori uchun tarixiy davr boʻldi. Yil boshida bir unsiya oltin 2 634 dollar atrofida savdo qilingan boʻlsa, yil davomida narxlar ketma-ket rekordlarni yangiladi. 

Mart oyida oltin ilk bor 3 000 dollarlik marradan oshdi, oktabrda esa 4 000 dollar chegarasi zabt etildi. Yil yakuniga kelib esa narx 4 550 dollargacha koʻtarilib, bir yil ichida qariyb 75 foizlik oʻsishni qayd etdi. Hozirda oltin bir unsiyasi 4 370–4 380 dollar atrofida savdo qilinmoqda.

Bunday yuqori oʻsishdan soʻng, 2026 yilda oltin narxi qanday boʻladi — narxlar oʻsishda davom etadimi yoki pasayish kuzatiladimi, degan savol tabiiy ravishda yuzaga keladi. Bugungi maqolada Goldman Sachs, JPMorgan hamda Jahon oltin kengashi (WGC) kabi tashkilotlar maʼlumotlariga tayangan holda, bozor ishtirokchilari nimalarni kutayotganini tahlil qilamiz.

2026 yilda narxlar qanday boʻladi?

Yirik banklar va institutsional tashkilotlar oʻzlarining yangilangan prognozlarini eʼlon qilishdi. Mazkur tashkilotlar asosan doimiy talab hamda makroiqtisodiy omillar tufayli oltinga nisbatan ijobiy kayfiyatda. Quyida asosiy prognozlar keltirilgan:

Goldman Sachs – $4 900

Bank tahlilchilari bazaviy ssenariysida oltin narxi 2026 yilning dekabr oyiga kelib bir unsiya uchun 4 900 dollarga yetishini prognoz qilmoqda. Bu bankning avvalgi prognoziga nisbatan 14 foizga yuqori.

JPMorgan – $5 000

Amerikaning yirik banki oltin narxi 2026 yilning toʻrtinchi choragida 5 000 dollarga yetishini kutmoqda. Ushbu davrda oʻrtacha narx 5 055 dollarni tashkil etishini taxmin qilingan. Uzoq muddatli ssenariyda, agar diversifikatsiya tendensiyalari tezlashsa, narxlar 6 000 dollargacha koʻtarilishi mumkin. 

Asosiy drayverlar qatoriga markaziy banklarning barqaror xaridlari (yiliga taxminan 755 tonna), investorlarning kuchli oqimi, kuchsiz dollar, AQShda pastroq foiz stavkalari va geosiyosiy xatarlar kiradi.

Morgan Stanley – $4 800

Morgan Stanley 2026 yil uchun oltin boʻyicha ijobiy prognoz bermoqda. Bank hisob-kitoblariga koʻra, 2026 yil oʻrtalariga kelib oltin narxi bir unsiya uchun 4 500 dollar, yilning toʻrtinchi choragiga borib esa 4 800 dollarga yetadi.

Morgan Stanley fikricha, oltin narxining oʻsishi davom etadi, biroq bu oʻsish 2025 yilda kuzatilgan qariyb 50 foizlik sakrashga nisbatan sekinroq boʻladi. Bankning 2026 yil uchun oʻrtacha narx boʻyicha bahosi taxminan 4 400 dollarni tashkil etadi.

UBS – $5 000

UBS 2026 yil uchun oltin boʻyicha ijobiy prognoz bermoqda. Bankning baholashicha, yilning dastlabki uch choragida oltin narxi bir unsiya uchun 5 000 dollarga yetadi, yil oxiriga kelib esa biroz pasayib 4 800 dollar atrofida shakllanadi. Bu koʻrsatkich UBSʼning avvalgi — 2026 yil oxiri uchun 4 300 dollarlik prognozidan sezilarli darajada yuqori.

Shuningdek, optimistik ssenariyda oltin narxi 5 400 dollargacha koʻtarilishi mumkin.

Yardeni Research – $6 000

Yardeni Research kompaniyasi oltin boʻyicha juda ijobiy fikrda. Ularning rahbari Ed Yardeni fikricha, 2026 yil oxiriga kelib oltin narxi 1 unsiya uchun 6 000 dollarga yetadi.

Bu prognoz avvalgi baholardan ancha yuqori va hozircha Uoll-stritdagi eng yuqori taxminlardan biri hisoblanadi.

Jahon oltin kengashi – 5-15 foizlik oʻsish

Agar AQSh iqtisodiyoti sekinlasha boshlasa, Federal rezerv foiz stavkalarini pasaytirsa va bozorlarda xavotir kuchaysa, oltin narxi 5–15% ga oshishi mumkin. Bu — asosiy (eng ehtimoliy) ssenariy.

Agar dunyo iqtisodiyotida jiddiy muammolar yuzaga kelsa, yaʼni inqiroz chuqurlashsa, oltin yanada koʻproq qimmatlashib, 15–30% gacha oʻsishi mumkin.

Umuman olganda, ushbu institutlarning konsensus fikri (umumiy fikri) oltinning yil oxiriga kelib 4 400 va 5 300 dollar oraligʻida barqarorlashishini, yuqori ssenariylarda esa 6 000 dollar yoki undan koʻproqqa yetishini koʻrsatmoqda.

Oltin narxiga nimalar taʼsir qiladi?

1. Markaziy banklar xaridlari

Koʻplab rivojlanayotgan davlatlar oʻz zaxiralarini AQSh dollaridan uzoqlashtirib, oltin sotib olayapti. Bu talab narxga deyarli bogʻliq emas, yaʼni narx oshsa ham xaridlar toʻxtamaydi. Shu sababli oltin narxi yuqoriga koʻtarilishi mumkin.

2. Pul-kredit siyosati (foiz stavkalari)

Agar AQSh Markaziy banki foiz stavkalarini 0,75–1,75 foizgacha pasaytirsa, oltin saqlash yanada foydaliroq boʻladi. Chunki foizlar pasaysa, obligatsiyalardan olinadigan daromad kamayadi va investorlar oltinni afzal koʻra boshlaydi.

3. Geosiyosiy vaziyat

Savdo urushlari, siyosiy keskinliklar va AQSh siyosatidagi noaniqliklar bozorlarda xavotirni kuchaytiradi. Bunday paytda investorlar “xavfsiz boshpana” sifatida oltinni tanlaydi.

4. Salbiy ssenariy (xavf) 

Agar iqtisodiyot kutilganidan tezroq oʻsib ketsa yoki inflyatsiya oshib, foiz stavkalari yana koʻtarilsa, oltin narxiga bosim boʻlishi mumkin. Bu holatda narx oʻsishi sekinlashadi yoki vaqtincha pasayishi ehtimoli bor.


Diskleymer: 

Ushbu material axborot-maʼlumot berish maqsadida tayyorlangan boʻlib, investitsion maslahat sifatida talqin qilinmasligi lozim. Unda keltirilgan prognozlar va tahlillar ochiq manbalar hamda moliyaviy institutlar bergan baholarga asoslangan. Moliyaviy bozorlar yuqori darajadagi tavakkalchilikka ega boʻlib, real natijalar kutilgan koʻrsatkichlardan farq qilishi mumkin. 

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+