2026 yil uchun kambagʻallik chegarasi 715 ming soʻm etib belgilandi
Oʻzbekistonda 2026 yil uchun minimal isteʼmol xarajatlari kishi boshiga oyiga 715 ming soʻm etib belgilandi. Mazkur koʻrsatkich xalqaro amaliyotda kambagʻallik chegarasini aniqlashda qoʻllaniladigan asosiy mezonlardan biri hisoblanadi.

Oʻzbekistonda 2026 yil uchun minimal isteʼmol xarajatlari miqdori eʼlon qilindi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlum qildi.
Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, 2026 yil uchun hisoblangan minimal isteʼmol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 715 ming soʻmni tashkil etdi.
Mazkur koʻrsatkich 2025 yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmatlar narxlari boʻyicha kuzatilgan inflyatsiya indekslari asosida alohida indeksatsiya qilinib aniqlangan.
Jahon tajribasida minimal isteʼmol xarajatlari koʻrsatkichi koʻpincha kambagʻallik chegarasi sifatida qoʻllaniladi. Oʻzbekistonda ham ushbu koʻrsatkich shunday mezon sifatida foydalaniladi.
Soʻnggi yillarda minimal isteʼmol xarajatlari quyidagicha shakllangan:
- 2021 yil — 440 ming soʻm
- 2022 yil — 498 ming soʻm
- 2023 yil — 569 ming soʻm
- 2024 yil — 648 ming soʻm
- 2025 yil — 669 ming soʻm
- 2026 yil — 715 ming soʻm
Minimal isteʼmol xarajatlari koʻrsatkichi bir qator ijtimoiy siyosat yoʻnalishlarida mezon sifatida qoʻllaniladi. Jumladan, u:
- davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy yordamlariga muhtoj aholining maqsadli guruhini aniqlash;
- mamlakatda kambagʻallik chegarasini belgilash va aholining real isteʼmol ehtiyojlarini hisobga olish;
- kambagʻallikka qarshi kurashish strategiyalari va dasturlarining natijadorligini hamda manzilliligini oshirish;
- pensiyalar va nafaqalar eng kam miqdorini belgilash, shuningdek kam taʼminlangan oilalarga beriladigan moddiy yordamlarni aniqlashda qoʻllaniladi.









