2025 yilning 10 oyida savdo korxonalari aylanmasi 54,4 mlrd dollarni tashkil etdi
Eng yirik soliq toʻlovchilar qatorida Korzinka (Anglesey Food), Total Oil Invest va Uzum Market kabi kompaniyalar yetakchilik qilmoqda.

Savdo sohasida ishlayotgan kompaniyalar 2025 yilning dastlabki 10 oyida 28,9 trln soʻm miqdorida soliq toʻlagan. Bu haqda Soliq qoʻmitasi maʼlum qildi.
Maʼlumotlarga koʻra, hisobot davrida savdo korxonalarining umumiy tovar aylanmasi 54,4 mlrd dollarni (656,5 trln soʻm) tashkil etgan. Shu bilan birga, 10 oy davomida soha subʼektlariga 5,65 trln soʻmlik soliq imtiyozlari berilgan.
Qayd etilishicha, jami toʻlangan soliq tushumlarining 2,315 trln soʻmi, yaʼni 8 foizi, atigi 20 ta yirik savdo korxonasi hissasiga toʻgʻri kelgan. Ushbu kompaniyalarning tovar aylanmasi 45,5 trln soʻmni, olgan soliq imtiyozlari esa 301,8 mlrd soʻmni tashkil etgan.

Soliq tushumlari boʻyicha yetakchi oʻrinni quyidagi korxonalar egallagan:
- Anglesey Food MChJ XK (Korzinka) — 323,7 mlrd soʻm
- Total Oil Invest MChJ — 211,5 mlrd soʻm
- Uzum Market MChJ XK — 195 mlrd soʻm
- Namangan-Istiqbol Boʻgʻi MChJ — 171,2 mlrd soʻm
- UNG Petro MChJ — 163,9 mlrd soʻm
Shuningdek, TOP-20 roʻyxatiga Asr and Co, Alif Moliya, Intermax Petroleum, Nestle Food, Samsung Electronics Uzbekistan, Lactalis Central Asia kabi yirik kompaniyalar ham kirgan.









