2025 yilda kredit tarixini tekshirganlarning atigi 5 foizi “aʼlo” reytingga ega
2025 yilda Kredit axborot byurosi orqali kredit tarixiga oid hisobotlar soni 2,29 milliondan oshdi. Bir yil ichida kredit tarixi olganlar soni 114 foizga koʻpaydi.Hisobot olgan jismoniy shaxslarning atigi 5 foizida kredit tarixi aʼlo darajada qayd etilgan.

2025 yilda Kredit axborot byurosi orqali olingan kredit tarixiga oid hisobotlar soni 2,29 milliondan oshdi.
Bu koʻrsatkich 2024 yilga nisbatan 114 foizga koʻp boʻlib, kredit tarixiga boʻlgan qiziqish keskin oshganini koʻrsatadi. Taqqoslash uchun, 2023 yilda atigi 506 mingta, 2024 yilda esa 1,07 millionta kredit tarixi boʻyicha hisobot olingan edi.
Olingan hisobotlarning deyarli barchasi jismoniy shaxslar hissasiga toʻgʻri keladi. Xususan, hisobotlarning 99,3 foizi yoki 2,27 milliontasi jismoniy shaxslar tomonidan soʻralgan. Yuridik shaxslar ulushi esa atigi 0,7 foizni, yaʼni 16,6 mingta hisobotni tashkil etgan.

Yosh kesimida eng faol qatlam 26–35 yoshdagilar boʻlib, ular umumiy foydalanuvchilarning 40 foizini yoki 901 mingdan ortiq kishini tashkil etadi. Keyingi oʻrinlarda 36–45 va 16–25 yoshdagilar teng ulush bilan — 23 foizdan joy olgan. 46–55 yoshdagilar ulushi 9 foizni, 56 yoshdan yuqorilar esa 5 foizni tashkil etadi. Ushbu taqsimot kredit bozorida asosiy faollik iqtisodiy jihatdan eng faol yoshlar hissasiga toʻgʻri kelayotganini koʻrsatadi.
Kredit tarixidan foydalanish chastotasi ham nisbatan past. Jismoniy shaxslarning 57 foizi kredit tarixi boʻyicha hisobotni faqat bir marta tekshirgan. Ikki martalik murojaatlar 22 foizni tashkil etgan boʻlsa, uch va undan ortiq marta kredit tarixini tekshirganlar ulushi sezilarli darajada kam.

Jinsiy tarkib boʻyicha esa kredit hisobotlaridan foydalanganlarning 68 foizi erkaklar, 32 foizi ayollar hissasiga toʻgʻri keladi. Bu kreditlash jarayonlari va kredit tarixini nazorat qilishda erkaklar faolligi yuqoriroq ekanini koʻrsatadi.
Jismoniy shaxslar skoringi taqsimoti natijalariga koʻra, atigi besh foiz hisobot olgan shaxsda aʼlo darajadagi kredit tarixi mavjud ekanligi maʼlum boʻldi. Taqsimot quyidagicha:
- 201–300 ball (oʻrtacha) — 1,25 mln kishi (taxminan 55%)
- 301–400 ball (yaxshi) — 637 mingdan ortiq (28%)
- 401–500 ball (aʼlo) — 117,6 ming (5%)
- 101–200 ball (qoniqarli, xavfli chegaraga yaqin) — 245 ming (11%)
- 1–100 ball (yomon ) — 22,5 ming (1%)









