2024 yilda mikromoliya tashkilotlari 1 trln soʻm sof foyda koʻrdi
Oʻtgan yilda 16 ta yangi mikromoliya tashkiloti va 8 ta lombard ochilib, jami subʼektlar soni 192 taga yetdi.
Ajratilgan kreditlar miqdori esa 16 trln soʻmga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 85 foizga yuqoriladi.
Ruxsat berilgan ilk yilda islom moliyasi asosida berilgan mablagʻlar 1,1 mlrd soʻmni tashkil qildi.

Markaziy bank hisobotiga koʻra, mikromoliya sohasidagi oʻsish surʼatlari, kreditlash hajmi, aktivlar va majburiyatlar dinamikasi hamda rentabellik koʻrsatkichlari muhim oʻzgarishlarni namoyon qilmoqda.

Mikromoliya bozori 2024 yilda yangi ishtirokchilar hisobiga kengaydi. 16 ta yangi mikromoliya tashkiloti va 8 ta yangi lombard tashkil etilib, umumiy faoliyat yuritayotgan subʼektlar soni 192 taga yetdi. Hozirda 100 ta mikromoliya tashkiloti (236 ta filial) va 92 ta lombard (71 ta filial) faoliyat yuritmoqda. Chet el kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan mikromoliya tashkilotlari soni 5 taga koʻpayib, jami 20 taga yetdi.
2024 yil ushbu tashkilotlar tomonidan ajratilgan kreditlar miqdori 85 foizga oʻsib, jami 16 trln soʻmga yetdi. Ajratilgan kreditlarning 89% mikromoliya tashkilotlariga, 11% esa lombardlarga toʻgʻri kelgan. Jismoniy shaxslar uchun ajratilgan kreditlar jami kredit portfelining 94% ini, yuridik shaxslar uchun esa 6% ini tashkil etdi.
Onlayn kreditlar ulushi 25% bandga oshib, jami kreditlarning 54% ini tashkil etdi. Onlayn kreditlash hajmining keskin oshishi jismoniy shaxslar tomonidan Uzum Market elektron platformasi, Uzum Tezkor yetkazib berish xizmati va Uzum Nasiya’ga ulangan boshqa savdo shahobchalardan tovar xomashyo sotib olishda, “Shaffof-Moliya” (5 trln soʻm) va “Tezkoin” (2 trln soʻm) mikromoliya tashkilotlari tomonidan onlayn kreditlar ajratilishi bilan izohlanadi.
Kredit segmentatsiyasi:
- 10 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlar – 46%
- 10-20 mln soʻm oraligʻidagi kreditlar – 14%
- 20-50 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlar – 25%
- 50-100 mln soʻmgacha boʻlgan kreditlar – 15%
- 100 mln soʻmdan yuqori kreditlar – 2%
2024 yildan boshlab mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliyalashtirish xizmatlarini taqdim etish imkoniyati yaratilib, jami 1,1 milliard soʻmlik xizmatlar amalga oshirildi. Shundan 1,1 milliard soʻm murabaha, 7,4 million soʻm esa islomiy ijara asosida ajratildi. Shunday boʻlsa-da, bunday turdagi mahsulotlar jami bozorning atigi 0,008 foizini tashkil qilgan.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning jami aktivlari 1,7 barobarga oshib, 8,4 trillion soʻmga yetdi. Mikromoliya tashkilotlarining aktivlari 7,9 trillion soʻmni, lombardlar aktivlari esa 498 milliard soʻmni tashkil etdi. Aktivlarning 99% kredit qoʻyilmalaridan iborat boʻlib, bu miqdor 1,8 barobarga oshgan.
Tashkilotlardagi majburiyatlar esa 2 barobar oʻsib, jami 5,5 trillion soʻmni tashkil etdi. Mikromoliya tashkilotlarining majburiyatlari 5,4 trillion soʻmga, lombardlarning majburiyatlari esa 121 milliard soʻmga yetdi. Majburiyatlar tarkibida tijorat banklari resurslari 47%, taʼsischilar mablagʻlari 16%, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari 7%, mahalliy kompaniyalar mablagʻlari 14%, obligatsiyalar va boshqa majburiyatlar esa 16% ni tashkil etdi.
Jami kapital esa 1,4 barobar oshib, 2,9 trillion soʻmga yetdi. Kapital oʻsishining asosiy omillari ustav kapitalining oshishi (54%), joriy yil foydasi (23%) va taqsimlanmagan foyda (72%) boʻldi.
Jami daromad 3,4 trillion soʻmni, jami xarajatlar esa 1,5 trillion soʻmni tashkil etib, sof foyda 1 trillion soʻmga yetdi. Mikromoliya tashkilotlari daromadi 3 trillion soʻm, lombardlar daromadi esa 354 milliard soʻm boʻldi. Aktivlar rentabelligi (ROA) 19,4%, kapital rentabelligi (ROE) esa 40,5% ni tashkil etdi. Muammoli kreditlar esa (NPL) 0,3% oshib, 2,4% ga yetdi. Bunda, shubhali kreditlar ulushi 2,1%, umidsiz kreditlar ulushi esa 0,3% ni tashkil etdi.