12 052.050 so‘m

increase

39.930

13 985.200 so‘m

increase

49.940

165.300 so‘m

decrease

-0.820

12 052.050 so‘m

increase

39.930

2 soat avval
Texnologiya
52

13 yillik kutish yakunlanmoqda: GTA VI uchun oldindan buyurtmalar 25 iyundan boshlanadi

Rockstar Games Grand Theft Auto VI oʻyiniga oldindan buyurtmalar 2026 yil 25 iyundan qabul qilinishini maʼlum qildi. Shu bilan birga, oʻyin 2026 yil 19 noyabr kuni PlayStation 5 va Xbox Series X|S konsollari uchun chiqariladi.

13 yillik kutish yakunlanmoqda: GTA VI uchun oldindan buyurtmalar 25 iyundan boshlanadi
Foto: AI/Pinkod.uz

Grand Theft Auto VI oʻyiniga oldindan buyurtmalar 2026 yil 25 iyundan qabul qilinadiyu Bu haqda Rockstar Games maʼlum qildi

Oldindan buyurtmalar raqamli platformalar hamda ayrim chakana savdo tarmoqlari orqali amalga oshiriladi. Hozircha oʻyinning narxi, mavjud nashrlari va oldindan buyurtma bergan foydalanuvchilarga taqdim etiladigan bonuslar haqida maʼlumot berilmagan.

Rockstar Games rasmiy sahifasida GTA VI dastlab PlayStation 5 va Xbox Series X|S uchun chiqarilishi koʻrsatilgan. Kompyuterlar uchun versiyaning taqdimot sanasi hozircha eʼlon qilinmadi.

Oʻyin voqealari AQShning Florida shtatidan ilhomlangan xayoliy Leonida hududi va Vice City shahrida kechadi. Syujet markazida Jeyson va Lusiya ismli ikki qahramon boʻlib, ular muvaffaqiyatsiz jinoyatdan keyin katta jinoiy fitna ichida qoladi.

Rockstar Games eʼlon qilgan sana GTA muxlislari uchun muhim voqea hisoblanadi. Chunki seriyaning avvalgi asosiy qismi — GTA V 2013 yil 17 sentabrda chiqarilgan edi. Agar yangi oʻyin belgilangan muddatda taqdim etilsa, ikki reliz oʻrtasida 13 yil-u 2 oy vaqt oʻtgan boʻladi.

Rockstar Games yangi GTA ustida ish olib borilayotganini rasman faqat 2022 yil fevralida tasdiqlagan. Biroq loyiha ustidagi faol ishlab chiqish jarayoni taxminan 2018 yilda boshlangan deb hisoblanadi. Shu tariqa GTA VI relizga chiqquniga qadar qariyb sakkiz yil davomida ishlab chiqilgan boʻlishi mumkin.

Oʻyinga boʻlgan qiziqish uning birinchi treyleri namoyish etilganidayoq yaqqol koʻrindi. 2023 yil dekabrida eʼlon qilingan GTA VI treyleri dastlabki 24 soatda YouTube’da 93 mln martadan koʻproq tomosha qilinib, musiqiy boʻlmagan videolar orasida yangi rekord oʻrnatdi. Ikkinchi treyler esa turli platformalarda bir sutka ichida 475 mln martadan ortiq koʻrilgan.

GTA VI dastlab 2025 yilda chiqarilishi rejalashtirilgan, keyinchalik reliz 2026 yil 26 mayga koʻchirilgan edi. Shundan soʻng oʻyin taqdimoti yana kechiktirilib, yakuniy sana sifatida 2026 yil 19 noyabr belgilandi. Oldindan buyurtmalarning boshlanishi kompaniya bu safar reliz muddatiga rioya qilishga tayyorlanayotganidan dalolat berishi mumkin.

Loyihaga qancha mablagʻ sarflanayotgani rasman ochiqlanmagan. Sanoatdagi baholarga koʻra, GTA VI’ni ishlab chiqish xarajatlari hozirning oʻzida 1–1,5 mlrd dollarga yetgan boʻlishi mumkin. Internetda uchraydigan 2 mlrd dollar va undan yuqori raqamlar esa Rockstar Games yoki Take-Two tomonidan tasdiqlanmagan.

Agar 1–1,5 mlrd dollarlik baholar haqiqatga yaqin boʻlsa, GTA VI tarixdagi eng qimmat videooʻyinlardan biriga aylanadi. Biroq kompaniya uchun tavakkalchilik ham shunga yarasha katta. Oʻyin ishlab chiqish xarajatlarini qoplashi uchun relizning ilk oylaridayoq ulkan savdo natijalarini qayd etishi kerak boʻladi.

Shunga qaramay, GTA VI’ning tijoriy istiqbollari yuqori baholanmoqda. Uning avvalgi qismi GTA V 2013 yildan buyon qariyb 230 mln nusxada sotilgan. Tahlilchilar yangi oʻyin relizdan keyingi dastlabki kunlardayoq milliardlab dollar tushum keltirishi mumkinligini kutmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+