12 012.210 so‘m

increase

7.460

13 731.160 so‘m

increase

39.740

158.140 so‘m

increase

1.030

12 012.210 so‘m

increase

7.460

2 soat avval
Iqtisodiyot
54

$1 mlrdlik daromadga ega Centrum Holding 2027 yilda Londonda IPO oʻtkazishga tayyorlanmoqda

Bu haqda Centrum Holding asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonov Bloomberg agentligiga bergan intervyusida maʼlum qildi. 

$1 mlrdlik daromadga ega Centrum Holding 2027 yilda Londonda IPO oʻtkazishga tayyorlanmoqda

 Oʻzbekistonning eng yirik xususiy logistika kompaniyalaridan biri Centrum Holding 2027 yilda London fond birjasida (LSE) aksiyalarini ommaviy joylashtirishni (IPO) rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonov Bloomberg nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi.

“Kelgusi bir-ikki yil ichida IPOga tayyor boʻlishni maqsad qilganmiz. Biz buni, avvalo, kompaniyani keyingi bosqichga olib chiqishga yordam beradigan investorlarni jalb qilish imkoniyati sifatida koʻryapmiz”, — dedi u.

Kompaniya 2019 yilda yuk aviatashuvchisi sifatida tashkil etilgan. Dastlab havo yuklarini konsolidatsiya qilish va charter reyslari orqali faoliyat yuritgan Centrum pandemiya davrida yuk tashishga boʻlgan talabning keskin oshishi hisobiga tez surʼatlarda oʻsdi. 2022 yilda ilk Boeing 747-200F yuk samolyotini sotib olgan kompaniya keyinchalik eski havo kemalarini zamonaviyroq ijaraga olingan samolyotlar bilan almashtirdi.

Bugungi kunda xolding tarkibiga yuk va yoʻlovchi aviakompaniyalari, sayyohlik biznesi, logistika markazlari, temir yoʻl vagonlari, port va terminal infratuzilmasi kiradi. 2025 yil yakunlariga koʻra, kompaniya daromadi $1 mlrdga yetgan, xodimlari soni esa 5 ming kishini tashkil etgan.

Centrum hozirda Oʻzbekiston havo yuk tashuvlari bozorining 40 foizdan ortigʻini, yoʻlovchi aviatsiyasi bozorining esa 30 foizgacha qismini nazorat qiladi. Kompaniya kelgusi bir yil ichida yoʻlovchi tashishdagi ulushini 50 foizga yetkazishni maqsad qilgan.

Xolding “Oʻrta yoʻlak” (Middle Corridor) boʻylab multimodal logistika terminallari tarmogʻini kengaytirish, yuk avtomobillari va temir yoʻl vagonlari parkini oshirish hamda Kaspiy dengizi orqali yuk paromlari xizmatlarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, kompaniya Toshkentdan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Oʻzbekistonning eng yirik “quruq porti”ni boshqaradi va poytaxtdagi yangi aeroport yaqinida undan ham yirik logistika markazini qurmoqda. Tank-vagonlar parkini 3 ming donagacha kengaytirish orqali ushbu segmentda mamlakatdagi eng yirik operatorga aylanishni koʻzlamoqda.

2026–2027 yillarda kompaniya $100 mlndan ortiq investitsiya kiritishni rejalashtirgan boʻlib, mablagʻlarning yarmidan koʻpi moliyaviy institutlar va sanoat hamkorlari hisobidan jalb qilinishi kutilmoqda.

Abdurahmonovning taʼkidlashicha, kompaniya Markaziy Osiyoda yoʻlovchi aviaqatnovlarini ham faol kengaytirmoqda. Soʻnggi davrda Qozogʻistonning Uralsk va Qostanay, Qirgʻizistonning Oʻsh shaharlariga yangi reyslar yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, Dehli, Lahor va Jidda yoʻnalishlari rivojlantirilmoqda, Yevropaga yangi reyslarni ochish ustida ham ish olib borilmoqda.

Centrum Holding IPOni Oʻzbekiston kompaniyalarining xalqaro kapital bozorlariga chiqishidagi navbatdagi muhim qadam sifatida koʻrmoqda. 

Eslatib oʻtamiz, may oyida davlat ulushlarini boshqaruvchi UzNIF London fond birjasida ilk bor aksiyalarini joylashtirib, xalqaro investorlar, jumladan BlackRock mablagʻlarini jalb qilgandi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+