1 maydan boshlab HUMO kartalari boʻyicha SMS-xabarnomalar narxi ikki baravarga oshiriladi
1 maydan boshlab HUMO kartalari boʻyicha SMS-xabarnomalar narxi 84,2 soʻmdan 168,40 soʻmga oshiriladi. Tariflarning ikki baravarga koʻtarilishi texnik infratuzilma, xavfsizlik va xizmat xarajatlarining ortgani bilan izohlangan.

Octotelecom SMS xizmatlari provayderi 13131 qisqa raqami orqali yuboriladigan xabarnomalar tarifini yangilamoqda. Ushbu raqam orqali HUMO kartalari boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalar va balans holati haqida maʼlumotlar yuboriladi.
2026 yil 1 maydan eʼtiboran har bir kiruvchi SMS-xabar uchun 168,40 soʻm miqdorida haq olinadi. Ayni paytda ushbu xizmat narxi 84,2 soʻmni tashkil etmoqda.
Kompaniya tariflar oshirilishini texnik infratuzilmani rivojlantirish, dasturiy taʼminotni yangilash bilan bogʻliq xarajatlar ortgani bilan izohlagan. Bundan tashqari, xizmat xavfsizligini taʼminlash, energiya resurslari va litsenziya toʻlovlari qimmatlashgani ham asosiy omillar sifatida keltirilgan.
Foydalanuvchilar ushbu xizmatni 13131 qisqa raqamiga “STOP” soʻzini yuborish orqali oʻchirib qoʻyishlari mumkin.
Avvalroq, 1 apreldan boshlab HUMO Card botining premium oylik obuna narxi 1000 soʻmdan 5000 soʻmga oshirilgandi.
Taʼkidlash joiz, HUMO kartalari boʻyicha SMS-xabarnomalar narxining oshirilishi UZCARD kartalari uchun SMS xizmatlari tariflari ikki baravarga koʻtarilganidan bir yildan ortiq vaqt oʻtgach amalga oshirilmoqda. Oʻshanda ham har bir xabar narxi 84,2 soʻmdan 168,40 soʻmga oshirilgan edi.









