Oltin narxi tarixda birinchi marotaba $3 200 dan oshdi
Oltin narxi jahon bozorida troya unsiya uchun ilk marotaba $3 200 dan oshdi.
Shuningdek, Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan oltin quymalari narxi ham rekordni yangiladi.
Hozirda 5 grammlik oltin quymasi banklarda 6 mln 883 ming soʻmdan sotilmoqda.

Oltin narxi tarixiy rekord oʻrnatdi. 11 aprel kuni oltin narxi jahon bozorida troya unsiya uchun ilk marotaba $3 200 dan oshdi. Xabar nashr qilinayotgan paytda qimmatbaho metall birjalarda $3 225 atrofida savdo qilinmoqda.
Oltin narxining bunday koʻtarilishini Donald Trampning mamlakatlarga eʼlon qilgan yuqori boj tariflarini 90 kunga toʻxtatib turish haqidagi qarori bilan bogʻlash mumkin. Aynan mazkur eʼlondan soʻng oltin narxi yana oshishni boshlagan edi va hozirga kelib rekord miqdorga yetdi.
Oltin narxi boʻyicha yuqori prognozni Macquarie Group taqdim etgan boʻlib, uning taxminiga koʻra, 2025 yilning uchinchi choragida oltin narxi $3,500 ga yetishi mumkin.
Undan tashqari, Goldman Sachs’ning eng oxirgi prognoziga koʻra, oltin narxi $3 300 ga chiqishi ham mumkin.
Oʻzbekistonda oltin narxi
11 aprel kuni Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan oltin quymalari narxi ham rekord darajaga yetdi. 5 grammlik oltin quyma narxi ilk marotaba 6,8 mln soʻmdan oshdi. Oltin quymasi bir grami hozirda 1 mln 376 ming 560 soʻmga baholanmoqda.
Toʻliq narxlar:
- 5 gramm — 6 mln 883 ming soʻm
- 10 gramm — 13 mln 766 ming som
- 20 gramm — 27 mln 531 ming soʻm
- 50 gramm — 68 mln 828 ming soʻm
- 100 gramm — 137 mln 656 ming soʻm
Oʻzbekistonda Markaziy bank tomonidan 999,9 soflikdagi oltindan 5, 10, 20, 50 va 100 grammli quymalar sotuvga chiqarilgan va quymalar narxini regulyator har kuni yangilab boradi.
Oltin quymalarini banklardan sotib olish imkoniyati mavjud. Banklarning manzillari va batafsil maʼlumotlarni Markaziy bank rasmiy saytidan topish mumkin.