12 998.910 so‘m

increase

13.900

13 439.570 so‘m

increase

154.610

131.290 so‘m

increase

1.450

12 998.910 so‘m

increase

13.900

25-yanvar, 19:39
Iqtisodiyot

Nega Tramp Panama kanalini qaytarib olmoqchi?

AQShning yangi prezidenti oʻzining koʻplab bayonotlarida Panama kanalini mamlakat boshqaruviga qaytarib olishini aytib oʻtdi. Xoʻsh, nega bu kanal mamlakatlar uchun shunchalik muhim?

Nega Tramp Panama kanalini qaytarib olmoqchi?

Panama kanali uzoq vaqtdan beri AQSh tarixidagi bahsli mavzulardan biri boʻlib kelgan. Soʻnggi paytlarda Donald Trampning bu boradagi bayonotlari yana keng muhokamalarga sabab boʻldi. U kanalni qaytarib olish uchun harbiy kuch ishlatish ehtimolini bildirdi, Panamani nohaq amaliyotlarda aybladi va Xitoyning kanal ustidan nazorat oʻrnatganiga oid daʼvolar qildi. Biroq, nega bu kanal mamlakatlar uchun shunchalik muhim?

Trampning ayblovlari

Donald Tramp Panama kanali boʻyicha bir nechta bahsli bayonotlar berdi. U Panama kanalini xitoylik askarlar nazorat qilayotganida va AQSh kemalaridan haddan tashqari yuqori tariflar undirishda aybladi. Tramp agar tariflar pasaytirilmasa, kanal ustidan toʻliq nazoratni qaytarib olish bilan tahdid qildi. Uning bu masalani koʻtarishiga nima sabab boʻlgani aniq emas, ammo daʼvolari ayrim respublikachilar tomonidan 1977 yildagi Panama kanaliga oid shartnomalarga bildirilgan tanqidlarga oʻxshab ketadi. Ronald Reygan bir vaqtlar shunday degan edi: “Biz uni sotib oldik, biz uni qurib bitkazdik, u bizga tegishli”.

Kanal kimga tegishli?

Fransiyaning muvaffaqiyatsiz urinishidan soʻng, AQSh 1904-1914 yillar oraligʻida Panama kanalini qurib bitkazdi. Uzoq yillar davomida AQSh kanalni boshqarib, uning atrofidagi hududni nazorat qildi. Biroq, bu nazorat Panama bilan ziddiyatlarni keltirib chiqardi. 1964 yildagi noroziliklar va tartibsizliklar natijasida shartnomalarni qayta koʻrib chiqishga toʻgʻri keldi.

1977 yilda AQSh prezidenti Jimmi Karter va Panamaning oʻsha davrdagi rahbari Omar Torrijos tomonidan imzolangan Torrijos-Karter shartnomalari kanalning betarafligini kafolatlab, 2000 yilga kelib nazoratni Panamaga oʻtkazishni belgiladi. 1999 yildan beri Panama kanalini mamlakatning oʻzi boshqaradi va u davlat muhim daromad manbaiga aylandi.

Panama kanalining ahamiyati

Panama kanali xalqaro savdo, harbiy strategiya va global iqtisodiy barqarorlikda alohida oʻrin tutadi. Atlantika va Tinch okeanlarini bogʻlovchi bu kanal dunyodagi eng muhim transport yoʻlaklaridan biri hisoblanadi. U kemalarga Janubiy Amerikaning xavfli va uzoq Cape Horn hududini aylanib oʻtishni talab qilmaydigan qisqa va xavfsiz yoʻlni taqdim etadi. Jahon savdosining taxminan 5 foizi aynan shu kanal orqali oʻtadi, bu esa neft, don mahsulotlari, elektronika va turli isteʼmol tovarlarini yetkazib berishda muhim oʻrin oʻynaydi.

Bundan tashqari, Panama kanali xalqaro savdoni arzonlashtirish va vaqtni tejash orqali global iqtisodiyotga katta hissa qoʻshadi.

Masalan, kanal orqali oʻtishda yuk tashuvchi kompaniyalar yoʻl xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirishi mumkin, bu esa tovar narxlariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

AQSh uchun Panama kanali alohida strategik ahamiyatga ega. Kanal Sharqiy qirgʻoq va Osiyo davlatlari oʻrtasidagi samarali transport yoʻllarini taʼminlab, Amerika eksporti va importi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Harbiy jihatdan olganda, Panama kanali AQSh dengiz kuchlari uchun tezkorlik bilan Atlantika va Tinch okeanlari oʻrtasida harakatlanish imkoniyatini yaratadi. Bu, ayniqsa, AQSh milliy xavfsizligi uchun strategik ustunlikni taʼminlaydi.

Kanal shuningdek, geosiyosiy kuchlar oʻrtasidagi taʼsir doiralari uchun ham ahamiyatli. Uni nazorat qilish, nafaqat savdo uchun, balki qudratli davlatlarga xalqaro savdo yoʻllarida ustunlik beradi. Masalan, kanalni boshqarish orqali yuk tashish tizimini optimallashtirish yoki boshqa davlatlarga nisbatan iqtisodiy bosim oʻtkazish imkoni paydo boʻladi.

Panamaning javobi va Xitoyning aloqadorligi

Panama prezidenti Xose Raul Mulino Trampning daʼvolarini rad etib, shunday dedi: “Panama Kanalining har bir kvadrat metri Panamaga tegishli”.

Kanal tariflari Panama kanal maʼmuriyati tomonidan ochiq ravishda belgilanadi va ular kemaning hajmi, bozor sharoitlari hamda ekspluatatsiya xarajatlariga asoslangan. Tariflarning oshishi esa suvni tejash maqsadida yuk tashish quvvatining kamayishi bilan bogʻliq.

Trampning “xitoylik askarlar kanalni boshqaradi” degan daʼvolari notoʻgʻri. Ammo Xitoyning Panamada iqtisodiy manfaatlari mavjud. Gonkongda joylashgan CK Hutchison Holdings kompaniyasi kanal kirishidagi ikkita portni boshqaradi. Ayrim ekspertlar Xitoy razvedka maqsadlarida kemachilik operatsiyalaridan foydalanishi mumkinligidan xavotir bildirishgan, biroq harbiy nazoratga oid asosli dalillar mavjud emas. Shuningdek, Xitoy kanalning AQShdan keyingi eng yirik foydalanuvchisi hisoblanadi. 2017 yilda Panama Tayvanni tan olishdan voz kechib, Xitoy bilan diplomatik aloqalarni oʻrnatgan edi.

AQSh kanalni qaytarib olishi mumkinmi?

AQSh Panama kanalini qaytarib olishi juda murakkab masaladir. Torrijos-Karter shartnomalari kanalning betarafligini kafolatlaydi va hech bir davlatga maxsus imtiyozlar bermaydi. Panamalik rasmiylar, jumladan prezident Mulino kanal sotilmasligini qatʼiy taʼkidlashgan. AQSh nazariy jihatdan Harbiy kuch ishlatishi mumkin, ammo bu xalqaro qonunlarni buzilishiga olib keladi va mamlakatning xalqaro obroʻsiga jiddiy zarar yetkazadi.

Ekspertlar Trampning tahdidlarini quruq gap sifatida baholamoqda. Benjamin Gaden, Vashingtondagi Uilson Markazining Lotin Amerikasi dasturi direktori bu borada shunday dedi: “Agar AQSh xalqaro qonunlarni buzishni istasa va Vladimir Putin kabi harakat qilsa, Panamaga bostirib kirib, kanalni qaytarib olishi mumkin. Ammo bunday harakatni hech kim qonuniy deb qabul qilmaydi”.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+